Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMTTDning “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” va “Farg‘ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko‘nikmalarini moslashtirish” loyihalari Kengashining qo‘shma yig’ilishi
2021-yil 20-dekabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi hukumatining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” va “Farg‘ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko‘nikmalarini moslashtirish” loyihalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Federatsiyasing elchixonasi, BMTTD va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo’yicha loyihalarning hisobotlarini tinglashdi hamda kelgusi yildagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Hususan, hisobot davri mobaynida “O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida WorldSkills standartlari bo’yicha 90 nafar ekspert o’qitilib, 14 ta kasbiy mahorat uchun ekspertlar hamjamiyati va mustaqil baholash tizimi yaratildi; unda 169 nafar talaba (ulardan 58 nafari ayollar) baholanib, malaka pasportlariga[1] («Skills Passport») ega bo’lishdi.
Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarga bog’lanishni engillashtirish maqsadida “MyMehnat” mobil ilovasi va vazirlik ma’lumotlar bazasi bilan bog‘langan maxsus dasturlar (botlar) yaratildi. Shuningdek, davlat xizmatlarini raqamlashtirish maqsadida “Mehnat migratsiyasi” dasturining mobil versiyasi uchun texnik topshiriqlar ishlab chiqildi. Mazkur tashabbuslar davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini oshirish, mamlakatimizda ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanuvchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan.
Loyihaning maqsadli hududlarida yoshlar va ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tanlov o‘tkazilib, natijada 34 ta loyiha vakillari to‘rt haftalik treninglarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi va ularga 5000 dollargacha bo'lgan grant uskunalari topshirildi.
Yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturining 5-bosqichi doirasida mamlakatimizning barcha hududlaridan 247 ta jamoa ta’lim dasturida ishtirok etdi va ushbu dastur davomida startaplarni ishga tushirish asoslarini o‘rgandilar, trekerlar (individual biznes mentorlar) bilan ishladilar, malakali ekspertlar va muvaffaqiyatli tadbirkorlarning mahorat darslari va konsultatsiyalarida qatnashib, Accelerator.uz platformasi orqali o‘z loyihalarini takomillashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. 40 ta eng istiqbolli loyihaga Yaponiya elchixonasi va “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi moliyaviy mablagʻlari hisobidan 5000 AQSh dollari miqdorida grant mablagʻlari ajratildi. Shuningdek, ushbu loyihalarga "C-Space" va "Ground Zero" kovorking markazlaridan bepul foydalanish uchun yo'llanmalar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda pandemiya davrida kichik va o‘rta biznesni bepul konsalting qo‘llab-quvvatlash “Biznes klinikasi” va “Biznesni integratsiyalashgan holda qo‘llab-quvvatlash” tashabbuslari amalga oshirilib, ular doirasida tadbirkorlar uchun vebinarlar, treninglar, yakka tartibdagi biznes-darslarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi va 43 nafar saralab olingan tadbirkorlarga 10 000 AQSh dollarigacha bo'lgan uskunalar ko'rinishida texnik yordam berildi.
2021-yilda ishga tushirilgan “Farg‘ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko‘nikmalarini moslashtirish” loyihasi doirasida vazirlik va viloyatlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlari xodimlari uchun bir qator malaka oshirish treninglari o‘tkazildi.
Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Doina Muntyanu so‘zga chiqib, “Vazirlik va boshqa hamkor tashkilotlarga ko‘plab loyiha tashabbuslarini amalga oshirishdagi ishtiroki uchun tashakkur” bildirdi va “vazirlik va idoralarning faol ishtiroki muvaffaqiyatga erishishda hal qiluvchi omil ekanligini” ta’kidladi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov “karantin bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay, juda muhim va foydali ishlar amalga oshirilganini va Loyiha kengashining ushbu yig‘ilishi loyihalarning joriy faoliyatini baholash va kelgusi yilda hamkorlikni strategik darajaga olib chiqish bo'yicha keyingi qadamlarni kelishish uchun muhimligini” ta’kidladi.
[1] Kasbiy tayyorgarlik kursini tamomlagan va mustaqil baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar uchun xalqaro tan olingan kasbiy malaka sertifikatlari.