Jizzaxda “Majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish choralari” mavzuida seminarlar o‘tkazildi
Xabaringiz bor Respublikamiz bo‘ylab “Majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish choralari” mavzuida seminarlar o‘tkazilyatpi. Mazkur masalalar muhokama qilingan navbatdagi hudud – Jizzax viloyati bo‘ldi.
Unda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari N.Yakubov hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Jizzax viloyat hududiy komissiya a'zolari tuman, shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari direktorlari va Davlat mehnat huquq inspektorlari ishtirok etdi.
Seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari N.Yakubov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon hamda ushbu farmonga ko‘ra, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tarkibida hududiy komissiyalar ham tashkil qilingani, ularga viloyat (shahar, tuman) xokimlari raislik qilishini ta'kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda shuningdek majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish; ish beruvchilar tomonidan xodimlarni majburiy tarzda obodonlashtirish, qurilish va boshqa sohalardagi mehnatga jalb qilinishining oldini olish choralarini ko‘rish, bu borada doimiy monitoringlar o‘tkazish; majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha aholi o‘rtasida, ayniqsa korxona, muassasa, tashkilotlarda ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish lozimligi aytib o‘tildi.