“Ishonch” gazetasida tanqid qilingan holat yuzasidan axborot berildi

28.01.2020

«Ishonch» gazetasida chop etilgan maqolada Namangan viloyatining Namangan shahrida qurilish ishlarini amalga oshirayotgan bir nechta xususiy korxonalar mehnat xavfsizligi qoidalariga amal qilmayotganini, ishchilarning mehnat sharoiti esa talabga javob bermasligi tanqid qilingan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar asosida mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi: maqolada keltirilgan barcha qurilish ob'ektlarida ishlayotgan ishchilar bilan mehnat shartnomalari imzolangan. Ular bepul issiq ovqat bilan ta'minlangan, oylik maoshini vaqtida olyapti va ish vaqtidan so‘ng boshqa ishlarga jalb qilinmayapti. Biroq o‘rganish davomida ba'zi ishchilarning maxsus kiyimlarsiz ishlayotganlari ma'lum bo‘ldi.

O‘rganish davomida, ishchilar va mas'ul xodimlar uchun tushuntirish ishlari olib borildi hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etish, xodimlarni maxsus kiyim bosh bilan ishlashini ta'minlash, fuqarolar mehnatidan faqat rasmiy ravishda foydalanish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma kiritilib, ijrosi nazoratga olindi.