Inson resurslari sohasidagi hamkorlik doirasida birinchi o‘zbek-yapon forumi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019-yil 15-fevralda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning o‘qitish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) tomonidan 2019-yil 14-may soat 13:00 da Yaponiyaning Tokio shahrida inson resurslari sohasida hamkorlik bo‘yicha ilk o‘zbek-yapon forumi o‘tkazilmoqda.
Forumdan ko‘zlangan maqsad – inson resurslari sohasida, shu jumladan, mehnat migratsiyasi va migrantlarni kasbiy o‘qitish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun ishchi platformani yaratish, yaponiyalik ish beruvchilarni O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat imkoniyatlari bilan tanishtirish hisoblanadi.
Bugungi kunda Yaponiyada inson resurslari tanqis bo‘lgani bois, Yaponiya hukumati xorij fuqarolari uchun mehnat bozorini liberallashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Shunga ko‘ra yaqin 5 yil ichida 9 ta mamlakatdan (Vetnam, Xitoy, Filippin, Myanma, Kambodja, Indoneziya, Mongoliya, Tailand, Nepal) 350 ming nafar ishchini Yaponiya mehnat bozoriga kiritish rejalashtirilgan. Uzoq yillik hamkorlik aloqalarni hisobga olgan holda Yaponiya O‘zbekistonni 10-davlat sifatida ana shu mamlakatlar qatoriga kiritishni ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali 7000 nafar O‘zbekiston fuqarosini Yaponiyada ishga joylashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Birinchi o‘zbek-yapon forumi doirasida mana shu masalalarga ham alohida e'tibor qaratiladi.
Forumda O‘zbekistondan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i Dilafruz Ikromova, tashqi mehnat migratsiyasi va mehnat migrantlarini reintegratsiyalash dasturi boshqarmasi boshlig‘i R.Atabaev, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshan Shoraimov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G.Fozilov qatnashadi.
Forumda yaponiyalik ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi xususiy bandlik agentliklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etadi.
Shuningdek, Yaponiyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning o‘qitish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) o‘rtasida texnik stajirovka sohasida ma'lumot almashish va Yaponiya hududida O‘zbekison fuqarolarini ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik Memorandumini imzolash, “APA Group” kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekiston fuqarolarini kasbga tayyorlash va kelgusida ishga joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borish rejalashtirilgan.