INDONEZIYA VAZIRI YURTIMIZDAGI ISLOHOTLARGA KATTA QIZIQISH BILDIRDI

12.10.2023
 
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Indoneziya Respublikasi Ma’muriy va byurokratik islohotlar vaziri Abdulla Azvar Anas bilan uchrashdi.
 
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, mahalla institutini rivojlantirish borasidagi istiqbolli loyihalar  muhokama qilindi. 
 
Mehmonlar mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish, mahallabay ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar – mahallalardagi "beshlik"ning faoliyati, azim poytaxtimizning bugungi qiyofasi, aholi farovonligi yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlarga katta qiziqish bildirdi.
 
Ma’lumot uchun aytish joizki, bugungi kunda Indoneziyada 270 mln.dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ushbu mamlakatda ham bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda aholining kambag‘allik darajasi 12 foizdan 9,6 foizga tushgan.   
 
Mehmonlar milliy qadriyatlarimiz, mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, aholining turmush-hayoti bilan kengroq tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi qadimiy “Sarxumdon” mahallasida bo‘ldi.