Ijtimoiy tarmoqlarda "Mehnat.uz"da aytilishicha, O'zbekistonimizda ishsizlik darajasi 9.6% emish" nomli xabar tarqaldi.
Ishsizlik – mehnat bozorida talabga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatli ishchi kuchining mavjudligi.
2013-yilda 19-Xalqaro mehnat statistikasi konferensiyasi tomonidan qabul qilingan “Mehnat, bandlik va mehnatdan to‘liq foydalanish statistikasi to‘g‘risida”gi rezolyusiyasiga muvofiq, ishsizlikning standart ta’riflanishiga mehnatga layoqatli yoshdagi, ishsiz, ish izlayotgan barcha shaxslar kiradi.
- O‘zbekistonda ishsizlik darajasi Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari va jahon tajribasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan metodoligiya asosida aniqlanadi.
Mehnat resurslari — mehnatga layoqatli yoshdagi (16 dan pensiya yoshigacha) aholi hamda mehnatga layoqatli yoshdan kichik va katta yoshdagi mehnat bilan band bo‘lgan shaxslar. Mehnat resurslari balansi — mehnat resurslari soni, rasmiy va norasmiy band bo‘lgan fuqarolar, ishsizlar va iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi ko‘rsatkichlarini aks ettiradi.
Mehnat resurlari balansi Xalqaro mehnat tashkilotining
2013 yildagi 19-xalqaro konferensiyasida tasdiqlangan tavsiyalariga asosan ishlab chiqilgan hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil
22 dekabrda 1011-son Qarori bilan tasdiqlangan metodologiyaga asosan har chorakda ishchi kuchi kuzatuvlari o‘tkazish asosida hisoblab chiqiladi.
So‘rovnomada har chorakda kamida 100 ta tuman (shahar)da 500 ta mahalla, 5 mingta uy xo‘jaligi va 30 mingga yaqin fuqarolar qamrab olinadi. So‘rovnoma natijalari “SsPro” va “SPSS” elektron dasturlarga kiritiladi. So‘ng tizimdagi algoritm orqali so‘rov natijalari tadqiqot o‘tkazilmagan tuman (shahar)larga ekstropolyasiya qilinadi. Hisoblangan ko‘rsatkichlarga asosan Mehnat resurslari balansi ishlab chiqiladi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda mehnat resurslari soni 19 453,3 ming kishini tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 100,8 foizga yoki +153,7 ming kishiga oshgan.
Mehnat resurslari ikkita qismga bo‘linadi: iqtisodiy faol aholi va iqtisodiy nofaol aholi.
- Hozirgi kunda iqtisodiy faol aholi soni 15,1 mln kishini yoki mehnat resuslarining 77,6 foizini tashkil etadi (o‘tgan yilga nisbatan +114,9 ming kishiga ko‘p), shundan:
Iqtisodiy faol aholi — mehnat bilan band bo‘lgan fuqarolar va ishsizlar sonidan iborat ko‘rsatkich.
- a) mehnat bilan band bo‘lganlar soni 13 773,6 ming kishi etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 foizga (+261,3 ming kishiga) oshgan.
Mehnat bilan band bo‘lgan aholi rasmiy va norasmiy sektorga ishlayotagn va xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlarga ajraladi.
Rasmiy sektorda band aholi soni 6 074,4 ming kishini yoki band aholining 40,2 foizni tashkil etadi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizga yoki +240,6 mingga oshgan).
Rasmiy sektorda band bo‘lganlar soni Davlat statistika va Soliq qo‘mitalari hamda Myehnat vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha aniqlanadi. Bunda:
- yuridik shaxslarda bandlar – 5085,0 ming.kishi (83,7%);
- yakka tartibdagi tadbirkorlar – 224,6 ming kishi (3,7%);
- dehqon xo‘jaliklarida – 109 ming (1,8%);
- o‘zini o‘zi band qilganlar (ijtimoiy soliq to‘laganlar), jamoat ishida qatnashuvchilar va boshqa toifalar – 655,8 ming (10,8%) kishini tashkil etadi.
Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 690,3 ming kishini yoki band aholining 37,7 foizini tashkil etadi (o‘tgan yilga nisbatan
8,2 foizga yoki -507,5 ming kishiga kamaygan).
Norasmiy sektorda band bo‘lganlarga mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan mehnat qilayotgan hamda ijtimoiy soliq to‘lamasdan tadbirkorlik qilayotgan shaxslar kiradi. Xususan:
- bir martalik va vaqtinchalik ishlarda band – 1 662,3 ming nafar (29%);
- oilaviy korxonalarda va tadbirkorlarda yollanib ishlovchilar
- 853 ming nafar (15%);
- norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar – 1 512,7 ming nafar (27%);
- dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida – 1 661,9 ming nafar (29%).
Xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2 008,8 ming kishini yoki band aholining 13,3 foizini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (pandemiya davriga) nisbatan +528,2 ming kishiga oshgan.
Xorijda ishlayotganlar – Davlat personallashtirish markazi, bojxona, ichki ishlar organlari, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va chet eldagi konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
- b) Ishga joylashishga muhtoj shaxslar 1 326,6 ming kishini tashkil etadi, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 8,8 foizni tashkil etadi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaygan).
16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,5 foiz, ayollar orasida esa 12,8 foizni tashkil etadi.
- Ryespublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 353,2 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 foiz (38,8 ming kishi)ga ortishi kuzatildi.
Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi - ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan o‘quvchilar va talabalar, bolalarni parvarish qilayotgan ishlamaydigan ayollar, uy bekalari va ixtiyoriy ravishda ish bilan band bo‘lmagan shaxslar. Bunda:
- ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotganlar- 1 620,4 ming kishi;
- tug‘ruq ta’tilidagi ayollar – 2 048,2 ming kishi;
- ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar - 684,5 ming kishini tashkil etadi.
- Jahon tajribasida aksariyat davlatlarda ishsizlik darajasi O‘zbekiston kabi Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida so‘rovnoma o‘tkazish orqali aniqlanadi.
Ishsizlik darajasi quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadi: ishsizlik darajasi = (ishsizlar soni / ishchi kuchi soni) * 100%. (Bunda ishchi kuchi = bandlar soni + ishsizlar soni).
Jahon tajribasiga ko‘ra 4–6 % darajasidagi ishsizlik iqtisodiyot uchun ishsizlikning tabiiy darajasi hisoblanadi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) hisobotida global geosiyosiy vaziyatlar davrida prognozlarning noaniqligi, iqtisodiyotning tiklanishi sustligi va zaifligini inobatga olib, global ishsizlik kamida 2023 yilgacha, ya’ni pandemiyagacha bo‘lgan darajadan yuqori bo‘lishini ta’kidlamoqda