Ijtimoiy tarmoqlarda “11 oylik shartnoma tuzilganiga qaramay, bizni ishdan, bo‘shatishmoqchi” sarlavhasi bilan tarqalgan xabar yuzasidan

02.08.2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil- martdagi PQ-5020-son qarorida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam ko‘rsatish hamda “mahallabay” tizim asosida ishlarni tashkil qilish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larni jalb etish vazifasi belgilangan edi.

2021–2022 yillarda aholi bandligiga ko‘maklashish, ularning bandlik holatini o‘rganish, davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratilayotgan subsidiyalarni maqsadli ishlatishini monitoring qilish kabi ishlarda mahallalardagi mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”lar keng jalb etildi.Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi PQ-31-son qarori bilan har bir mahallalarda hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi.

Mahalladagi hokim yordamchilarning asosiy vazifasi mahalladagi ishsiz aholini bandligiga ko‘maklashish, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bugungi kunga kelib, mahalladagi hokim yordamchilar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larning mahalladagi faoliyati bir-birini takrorlamoqda.
Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli va samarali ta’minlash maqadida, shartnoma muddati tugagan mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”lar bilan qayta (yangi) shartnoma tuzish ishlari to‘xtatildi.
Tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan shartnoma muddati tugagan mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larga bo‘sh (vakant) hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini boshqa yo‘nalishlaridagi ish o‘rinlari taklif qilinmoqda.

Bugungi kunda, vazirlikning Milliy vakansiyalar bazasida 257 mingdan ortiq bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, ulardan 126,0 mingdan ortig‘i oliy ma’lumotlilar uchun, 106,0 mingdan ortig‘i o‘rta maxsus ma’lumotlilar uchun hamda 24,2 mingtasi ma’lumot talab etilmaydigan bo‘sh ish o‘rinlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat shartnomasi muddati tugagan har bir fuqaroni to‘liq bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.