«Hyundai Samho» Kemasozlik kompleksida mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi

25.06.2021

Koreya Respublikasi Mokpo shahrida joylashgan «Hyundai Samho» kemasozlik kompleksida 265 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vaqtinchalik mehnat shartnomalari asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, ushbu kompleksda jami 10 mingdan ziyod ishchilar mehnat faoliyatini olib boradi. Shundan qariyb 1,1 ming nafarini xorijlik ishchilar tashkil etadi.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ushbu kompleks rahbariyati bilan uchrashdi. Unda kompleks rahbariyati tomonidan o‘zbekistonlik ishchilar to‘g‘risida iliq fikrlar bildirildi. 

O‘z o‘rnida, N.Xusanov kompleks rahbariyatiga xorijlik ishchilarga yaratilgan qulaylik va sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston mehnat salohiyati haqida so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng, mazkur kompleksda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatga kirishildi. Ularga N.Xusanov boshchiligidagi delegatsiya tashrifidan ko‘zlangan maqsad va vazifalar tanishtirildi. So‘ngra, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutasaddilar tomonidan tushunchalar berildi.