“Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasini bekor qilish jarayonlari boshlandi

24.09.2019

O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJga berilgan litsenziyani bekor qilish jarayonlari boshlandi.

Shunga muvofiq, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan “Human xususiy bandlik agentligi” MCHJ faoliyati bo‘yicha olib borilayotgan tergov ishlari samaradorligini ta'minlash hamda fuqarolar mehnat huquqlarini muhofaza qilish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tergov ishlari uchun kerak bo‘ladigan barcha zaruriy ma'lumotlarni taqdim etishga tayyor ekanligini bildiradi.

Kelgusida xususiy bandlik agentliklari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini xorijga ishga yuborish jarayonida bu kabi holatlarning takrorlanmasligi va mehnat huquqlari buzilishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda.