Hashar – elga yarashar
Obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Zotan, ozodalik, poklik, saranjom va sarishtalik yurtimizning yanada ko‘rkam bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi. Bugun butun mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.
Xalqimizning sevimli bayrami Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan ushbu umumxalq xayriya hashari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 martdagi qarori asosida o‘tkazilmoqda. Qarorda aytilishicha, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, bir qator vazirlik va idoralar, jamoat tuzilmalarining 13 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab "Obod va ko‘rkam mahallam" obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha taklifi ma’qullandi.
Mazkur xayriya hasharini o‘tkazishda mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirilishi hamda «Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam» shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash ishlari amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati, viloyat, shahar, tuman Bandlik boshqarmalari hamda tasarrufiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatuvchi rahbar va xodimlar o‘z ixtiyorlari bilan ushbu xayriya hasharida faol ishtirok etdilar.
Vazirlik xodimlari hasharni bino atrofiga gul ko‘chatlari va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish bilan boshladi. Atrof supurib-sidirildi, chang g‘uborlardan tozalandi, daraxtlar oqlandi.
Mehnat qonunchiligiga asosan, umumxalq hashari doirasida bo‘lmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’yektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlangani qatiy nazoratga olinadi.
Ushbu targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida joylarda ish beruvchilar tomonidan hasharda ko‘zda tutilgan ishlar uchun ishchilarni majburiy tarzda jalb etishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi, aks holda mutasaddilarga nisbatan jazo choralari qo‘llanadi.
Yurtning obod bo‘lishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishni insoniy burchi deb bilgan vazirlik xodimlari ayni damda hasharni mahallarda davom ettirmoqdalar. Bugun chindan ham hashar ozodalik, saranjomlik, ahillik va hamjihatligimiz ramzi ekanini yana bir karra namoyon etmoqda.