Gender tenglikka erishish strategiyasi – mazmun va mohiyat

04.06.2021

Gender tenglikka erishish strategiyasi – mazmun va mohiyat

Joriy yilning 4 iyun' sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Qodirxonova boshchiligida Vazirlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida  "Gender tenglikka erishish strategiyasi -mazmun va mohiyat” mavzusida o‘quv soati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov ham ishtirok etib, Vazirlik markaziy apparati xodimlari tarkibi gender tengligi tamoyiliga asoslanib tashkil qilinganligi va shunga hududiy boshqarmalar rahbarlari ham amal qilishlariga da'vat qildi.

M.Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi to‘g‘risida quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi:

“Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi.

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.

Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy ta'lim sohasida 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi, xotin-qizlar axborot-kommunikasiya, innovasiya, energetika, muxandislik sohalariga keng jalb etilmoqda.

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi;

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi, ularga Xalq banki biriktirildi, 14 ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashkil etildi.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-o‘rinni (2019 yilda 139-o‘rin) egalladi.

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta'limli ta'minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma'lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

E'tiborli jihatiga shundan iboratki, mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash shular jumlasidan. Shuningdek, strategiyada gender tenglikni ta'minlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan”.

Tadbir so‘nggida “ZOOM” platformasi orqali tadbir qatnashgan ishtirokchilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.