FARGʻONADA RAQAMLI TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA BMT TARAQQIYOT DASTURI BILAN HAMKORLIKDA TASHKIL ETILGAN MINTAQAVIY KONFERENSIYA O‘Z ISHINI BOSHLADI
Bugun Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Farg‘ona vodiysida raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2 kunlik mintaqaviy konferensiya o‘z ishini boshladi. BMT Taraqqiyot dasturining Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriyotgan loyihasi doirasida IT Park Uzbekistan bilan birgalikda tashkil etilgan konferensiyaga vodiy viloyatlari bilan birga Qirg‘iziston va Tojikistonning vodiyga chegaradosh hududlari tadbirkorlari ham taklif etildi.
Tadbir maqsadi Farg‘ona vodiysidagi Ay-Ti tadbirkorlari hamda xususiy sektor bilan davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, raqamli tadbirkorlik vakillari bilan birgalikda mintaqada raqamli tadbirkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati, rivojlanish muammolari va mavjud hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat.
Mintaqaviy konferensiyani ochilish qismida viloyat hokimining o‘rinbosari Iqboljon Ergashev so‘z olib, Ay-Ti sohasining bugungi kundagi ahamiyati katta ekanligi haqida to‘xtaldi, aynan ushbu konferensiyani Farg‘onada o‘tkazilishining sababi ham Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida tashabbuskor tadbirkorlar ko‘pligi, ularning intilishlarini hisobga olib, Ay-Ti tarmoqlari orqali hamkorlik natijasida mahsulotlar tovar aylanmasi hamda daromadlarning ortishi haqida fikrlarini bildirdi. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Anjuman davomida “Farg‘ona vodiysida raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish holati”, “Raqamli tadbirkorlikni rivojlantirishda davlat, tijorat va notijorat tashkilotlarning o‘rni va vazifalari”, “Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi ta’lim” va “Raqamli tadbirkorlikni rivojlantirishdagi hamkorlik” kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, Farg‘ona vodiysida IT-biznesmenlar tarmog‘ini yaratish tashabbusi va “Raqamli Farg‘ona Vodiysi” konsepsiyasini ilgari surish ham muhokama qilinadi. Ushbu tarmoq raqamli biznes, davlat, tijorat va notijorat tashkilotlarni sohada birlashtirib, Farg‘ona vodiysida hamkorlik ruhini uyg‘otadigan faoliyatni yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishishlari ham rejalashtirilgan.
Mintaqaviy konferensiya ertaga, 11 oktyabr kuni ham davom etadi.