“Farg‘onada «Hokim yordamchi»ligidan boshqa masala qolmaganmi!”
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Bankir kundaligi” kanalida “Farg‘onada «Hokim yordamchi»ligidan boshqa masala qolmaganmi!” sarlavhasi ostidagi maqola yuzasidan Namangan viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyatida o‘rganish o‘tkazilganda, haqiqatda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarligida 2021 yil 01 dekabrda VKS (videokonferensiya) orqali tuman (shahar) hokimlari va hududdagi tashkilot rahbarlari ishtirokida “Hokim yordamchisi” lavozimiga nomzodlarni tanlash va saralash masalasida soat 21:00da hech qanday buyruq rasmiylashtirilmagan holda yig‘ilish o‘tkazilganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan, yig‘ilishda ishtirok qilgan tashkilot rahbarlari bilan suhbat o‘tkazilib tushuntirish xatlari olindi, ular o‘z tushuntirishlarida 2021 yil 01 dekabrda soat 21:00 dagi VKS (videokonferensiya)da ixtiyoriy ishtirok qilishganligini bildirishdi hamda yig‘ilish 1 soat davom etganligini ma’lum qilishdi. Bu borada suhbat davomida ishtirok etgan tashkilot rahbarlari va xodimlariga tegishli tushuntirishlar berildi.
Barchamizga ma’lumki, Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlarga xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkinligi, 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Bundan tashqari, mazkur kodeksning 125-moddasiga muvofiq ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.
O‘rganish yakuni bilan, Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.O‘ nomiga Mexnat kodeksining 157-moddasi asosida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan, ya’ni xodimlarni ishdan tashqari ishlarga ularning roziligi asosida hamda ish vaqtidan tashqari vaqtda ishga jalb etilgan xodimlarga ikki xissa miqdorida haq to‘lab berilishi yoki mutanosib ravishda otgul berilishi yuzasidan Yozma ko‘rsatma kiritildi.
Shuningdek, qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik borasida yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish to‘g‘risida Farg‘ona viloyati xokimligiga taqdimnoma kiritildi.