Farg‘ona vodiysidagi ayollar biznesini jadallashtirish dasturining “Namoyishlar Kuni”
Mazkur tadbir biznes akseleratsiya dasturining so‘nggi bosqichi bo‘lib, dasturning yakuniy natijalari bo‘yicha o‘ziga xos hisobot hamdir. Akseleratsiya dasturi 3 oydan ortiq vaqt davomida Farg‘ona vodiysining Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib o‘tdi hamda unda 85 nafar ayol-qizlar ishtirok etdi. Dastur doirasida ishtirokchilarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator treninglar, seminarlar va vebinarlar tashkil etildi.
Ishtirokchilar o‘z biznesini rivojlantirish va muvaffaqiyatli boshqarishga yordam beradigan o‘quv materiallaridan foydalanish, maslahatlar olish va mentorlik mashg‘ulotlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, dastur ishtirokchi tadbirkor ayollar o‘rtasida hamkorlik va biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiruvchi aloqalar tarmog‘ini yaratishga hissa qo‘shdi.
Akseleratsiya dasturi natijasida uning ishtirokchilari o‘z biznes loyihalarini ishlab chiqdilar va ularni maxsus tuzilgan tanlov komissiyasiga taqdim etdilar. Barcha biznes loyihalari baholanib bo‘lgach, dasturining 18 nafar eng yaxshi ishtirokchisi tanlab olindi. Namoyishlar kunida saralangan ishtirokchilar tadbir mehmonlariga o‘z biznes loyihalarini taqdim etdi va ishlab chiqaradigan mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazdi.
Namoyish kuni yakuniga ko‘ra, dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar orasidan saralangan
18 nafar ishtirokchiga o‘z biznes faoliyatini yaxshilash hamda mahsulot va xizmatlari sifatini oshirish imkonini beruvchi grant uskunalari topshirildi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Nozim Xusanov hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Nika Saidilar ishtirok etdi va bunday dasturlarning tadbirkor ayollar uchun ahamiyatini e’tirof etdi.
“Ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy himoyasini takomillashtirishning asosiy omilidir. Bu turdagi qo‘llab-quvvatlash barcha uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda”, - dedi Nika Saidi.
Dastur ishtirokchilari tashkilotchilar va ustozlariga o‘z biznesini rivojlantirishda ko‘rsatgan yordamlari uchun minnatdorchik bildirdi. Shuningdek, grant hisobidan olingan uskunalar o‘zlarining rejalarini amalga oshirish va biznesini yangi bosqichga ko‘tarishda yordam berishini aytib o’tdi. Mazkur dastur orqali erishgan barcha bilim va imkoniyatlarimni biznesida muvaffaqiyatga erishishda qo‘llashlarini ta’kidladi.
Farg‘ona vodiysidagi ayollar tadbirkorligini jadallashtirish dasturi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda BMTTD tomonidan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning biznes tashabbuslarida muvaffaqiyatga erishishlarida ko‘rsatilayotgan ko‘makning yana bir misoldir.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Farg‘ona vodiysida aholi ko‘nikmalarini pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.