Farg‘ona viloyatidagi holat yuzasidan rasmiy munosabat

24.05.2021
         🌐 Ijtimoiy tarmoqda “Majburiy metallom uchun har bir xodimdan har oy 60.000 so‘mdan olinayapti. Bundan tashqari yana 15 kg dan rangli metall talab qilinmoqda. Bizni metall ishlab chiqarish zavodimiz bormi?” mazmundagi xabar (https://t.me/sizdan_telegramm/4104) tarqaldi. 
 
       🔰Farg‘ona viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan holat yuzasidan to‘liq o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, Toshloq tumani ETK “Farg‘ona HETK” AJ tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, unda 68 nafar xodimlar faoliyat olib boradi. O‘rganishlar davomida 37 nafar xodimlar ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarni rad etdilar va mehnat haqlaridan metallom uchun ushlab qolinmaganligini hamda majburiy mehnatga jalb qilinmaganliklarini yozma ravishda bayon qildilar.
         Shuningdek, 8 nafar xodimlar o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etmaslik sharti bilan, dam olish kunlari ham majburiy mehnatga jalb etilganliklarini bildirishdi. 
     
        ❗️Aniqlangan holat yuzasidan Toshloq tumani ETK boshlig‘iga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK ning 49-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
 

📌Hurmatli yurtdoshlar, mehnat munosabatlariga oid murojaatlar yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, vazirlikning 71-200-06-00 ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qiling.