Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabul bo‘yicha axborot

09.07.2019

O‘zA axborot agentligi tomonidan 2019-yil 1-iyul kuni e'lon qilingan maqolada keltirilgan ma'lumotlarni o‘rganish yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining xizmat tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilindi va keltirilgan har bir holat Ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib, atroflicha o‘rganildi.

O‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:

1. Muminova Ziroatxon bo‘yicha keltirilgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi (Ma'lumot uchun – Z.Muminovaning murojaati, uning turmush o‘rtog‘i Mo‘minov Olimjonni Qo‘qon shaxar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi yo‘llanmasi orqali Obodonlashtirish boshqarmasiga 28.06.2019 yildagi 65/1-sonli buyruq asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilganligi bilan hal etilgan).

2. Mirzamatova Gulbahor bo‘yicha keltirilgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi (Ma'lumot uchun – G.Mirzamatovaning murojaati Oltiariq tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Oltiariq tumani Shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga 28.06.2019 yildagi 135-sonli buyruq asosida sanitarka vazifasiga ishga joylashtirilganligi bilan hal qilingan).

3. Zarifa Xolmuhamedova va Ziyoda Shamsutdinova to‘g‘risidagi ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi (Ma'lumot uchun – Marg‘ilon shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining rahbariyati mas'ul xodimlari tomonidan ko‘zbo‘yamachilik holatiga yo‘l qo‘yilgan). Bu bevosita mehnat organlarining mas'uliyatiga daxldor ayanchli holatdir.

4. Sayyor qabulni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘zbo‘yamachilik va xatolikka yo‘l qo‘ygan Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining mas'ul rahbari va xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida belgilangan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida mazkur masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining navbatdagi Hay'at yig‘ilishi kun tartibi muhokamasiga kiritildi.

Ma'lumot o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining Farg‘ona viloyatida tashkil etgan sayyor qabulida jami murojaat etgan 53 nafar fuqarodan 37 nafarining murojaati ijobiy hal etilgan.

Xususan, murojaat qilgan fuqarolarning 22 nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 7 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, 5 nafariga o‘z tadbirkorligini boshlash uchun kredit olish masalasida tavsiyalar berilgan (bank bilan bog‘liq masalalar nazoratga olingan), 1 nafar fuqaroga shaxsiy tomorqasida issiqxona qurish uchun subsidiya ajratishga hujjatlar rasmiylashtirilgan.

1 nafar fuqaro kasbga yo‘naltirilgan. Xususiy bandlik agentligi faoliyatidan norozi 1 nafar fuqaroning to‘lagan pullari undirib berildi.

2 nafar fuqaroning murojaati qalbakilashtirilganligi uchun asossiz deb topildi.

Qolgan 14 nafar fuqaroning murojaatlarini hal qilish, ularni ishga joylashtirish masalasi yuzasidan joyida mas'ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berilgan va ijrosi bo‘yicha muddatlar belgilangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari
vazirligi matbuot xizmati