Farg‘ona viloyatida aholining bandligini ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov joriy yilning 2-aprel kuni Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida bo‘ldi.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash xamda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida viloyatning 7 ta tumanida 10 ta dala tomorqa (kooperativ)lar tashkil etilgan. Dala tomorqalarining har biriga 15 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi yerdan tegishli qaror asosida jami 150 gektar yer maydonlari ajratilgan. Har bir dala tomorqasiga 50 nafardan jami 500 nafar hududlardagi ishsiz va mehnat migratsiyasidan qaytgan, kam ta'minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a'zolari bilan tegishli tartibda shartnomalar imzolanib, mehnat faoliyatlari yo‘lga qo‘yildi.
N.Xusanov qo‘shimcha 9 ta tumanda 12 ta dala tomorqalari tashkil etish bo‘yicha taklif berdi.
Shuningdek Mehnat vaziri Bag‘dod tumanida tashkil etilgan “KARAVAN BAGDAD” ishlab chiqarish kooperativi bilan tanishdi. Mazkur kooperativ asosan chili qalampiri va qizil lavlagi yetishtirish uni qayta ishlash va MDX davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ushbu kooperativga tumandagi ishsiz va mehnat migratsiyasidan qaytgan hamda kam ta'minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a'zolaridan iborat bo‘lgan 50 nafar ishsiz fuqarolar a'zo sifatida biriktirilib, ularning har biriga 20 sotixdan yer maydonlari ajratib berildi. Fuqarolarni urug‘liklar, ko‘chatlar va dori vositalari bilan ta'minlash maqsadida kooperativga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 111.5 mln.so‘m subsidiyalar ajratildi. Mazkur kooperativda o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.
Bundan tashqari, tumandagi “Bog‘dod tekstil” MChJda tikuvchilk yo‘nalishida 15 nafar ishsiz ayollar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinib, ular tomonidan bugungi kunda ehtiyoj yuqori bo‘lgan tibbiyot niqobini tikish jaryonlari bilan tanishdi.