Farg‘ona shahridagi pilot “Karyera markazi”ning ochilish marosimi

14.03.2023

Yoshlar va ishsiz aholini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha faoliyat samaradorligini oshirish, ularga mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda bilim va ko‘nikmalarni yetkazish, egallagan kasblari asosida bandligiga ko‘maklashish, shuningdek, tegishli idoraviy tashkilotlarning salohiyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida Farg‘ona shahridagi “Ishga Marhamat” monomarkazida pilot loyiha tariqasida “Karyera markazi” tashkil etildi.

Ma’lumki, ko‘p hollarda munosib kasbni tanlay olmaslik mehnat bozori haqidagi umumiy tushunchalarning yetishmasligi tufayi paydo bo‘ladi. Bunda ish izlayotgan nomzod kasblarni keng doirada tadqiq qilish va ma’lum bir kasb uchun zarur bo‘ladigan malakalar bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lmasligi mumkin. "Karyera markazi" yoshlarga kasb tanlash va sohani o‘zgartirish jarayonida, ularni qiziqtiradigan kasblar to‘g‘risida malumot berish, ularning ko‘nikma, ehtiyoj hamda istaklarini baholash orqali mos hunar topishlarida ko‘maklashishga mo‘ljallangan markaz hisoblanadi. Karyera markazlaridagi mutaxassislar bilan munosib kasblar haqida muhokamalar, olingan maslahat va shakllantirilgan xulosalar ish qidirayotgan nomzodlarning kasb tanlashda asosli qaror qabul qilishlariga yordam beradi.

Karyera markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar  doirasida, unda ishlaydigan xodimlarning kasbga yo‘naltirish bo‘yicha malakasini oshirish dasturi ishlab chiqildi va Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida xorijiy mutaxassislar tomonidan 4 kunlik maxsus trening tashkil etildi. Treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahrining Kambag‘allikni qisqartirish va  bandlik bosh boshqarmalari hamda “Ishga markhamat” monomarkazlaridan kelgan 30 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi.

Kasbga yo‘naltirish bo‘yicha “Karyera markazi”ning ochilish marosimida Kambag‘allikni qisqartirish va  bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Nozim Xusanov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Nika Saidi, shuningdek, Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va  bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i va trening qatnashchilari hamda tashkilotchilari  ishtirok etdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va  bandlik vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Farg‘ona vodiysida aholi ko‘nikmalarini pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.