DOIMIY ISH BILAN TAʼMINLASH MAQSADIDA SIRDARYO VILOYATIDA O‘TKAZILAYOTGAN MEHNAT YARMARKALARINING UCHINCHI KUNI

06.11.2020

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan bayoniga muvofiq “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika Ishchi guruhi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Respublika Ishchi guruhi, Sirdaryo viloyat hokimligi, viloyat Prokuraturasi va tijorat banklari hamkorligida 2020 yilning 4-5-6 noyabr kunlari Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yarmarkasi” tadbiri tashkil etildi.

Uch kun davomida o‘tkazilgan tadbir har safargi yarmarkalardan farq qilgan holda yangicha yondashuv asosida ikki yo‘nalishda tashkil etildi, birinchi yo‘nalishda korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, band bo‘lmagan fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishda o‘ziga maqbul keladigan ishni topa olmagan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik qilish istagini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan kredit resurslari hamda taʼminotchi korxonalar tomonidan uskunalar, jihozlar va minitexnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlari aholisiga ayniqsa, band bo‘lmagan fuqarolarga qulayliklar yaratish va ularni doimiy ish bilan taʼminlashga ko‘maklashish maqsadida 11 ta Damas avtomashinalarda mehnat organlari va tijorat banklaridan masʼul xodimlar ishtirokida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish KO‘CHMA YARMARKASI” tashkil etildi. Ko‘chma yarmarka talofat ko‘rgan hozirda ijtimoiy obyektlar manzillarida vaqtincha yashash uchun joylashtirilgan xonadonlarga joyiga borgan holda xizmat ko‘rsatmoqda.  

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad:

barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda istiqomat qiluvchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi sonini aniqlash va ularning har birini ishga joylashtirish yoki tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantirish;

mazkur hududda yangitdan tashkil etilgan loyihalarga talab etiladigan mehnat resurslarini aniqlash va shu hududda yashovchi mavjud band bo‘lmagan aholini doimiy ishga joylashtirish;

chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, intensiv bog‘dorchilik, issiqxonalar va boshqa yo‘nalishlarda oilaviy tadbirkorligini tashkil etish istagi bo‘lgan ishsiz fuqarolarning qo‘shimcha loyihalarini aniqlash va amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

Uch kun davomida o‘tkazilgan tadbirda viloyatning barcha hududlaridan 87 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 4491 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirga 3496 nafar ish qidiruvchilar (shulardan 103 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 32 nafari jazodan ozod qilinganlar,136 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar va boshqalar toifadagi 3225 nafar ), shu jumladan 1995 nafar yoshlar va 1334 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan564 nafar ish qidiruvchilarga (361 nafar yoshlar, 272 nafar ayollar, shundan 19 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 18 nafari jazodan ozod qilinganlar, 69 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar, 117 nafari temir daftardan, 75 nafari ayollar va61 nafari yoshlar daftaridan) ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlaridan uch kunlik tadbirga  1825 nafar ish qidiruvchilar (shulardan 34 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 21 nafari jazodan ozod qilinganlar, 114 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar va boshqalar toifadagi 1656 nafar), shu jumladan 1011 nafar yoshlar va 684 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan 248 nafar ish qidiruvchilarga (166 nafar yoshlar, 126 nafar ayollar, shundan18 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 14 nafari jazodan ozod qilinganlar, 51 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar, 49 nafari temir daftardan, 36 nafari ayollar va45 nafari yoshlar daftaridan) ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Shu bilan birga, 572 nafari kasb tayyorgarligiga yuborildi,111 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi,270 nafari subsidiya olish yuzasidan ro‘yxatga olindi, 122 nafari tadbirkorlik qilish uchun kredit olishga istak bildirdilar.

Bundan tashqari, 1809 nafar ish qidiruvchilarga mehnat qonunchiligi, ish joyini o‘zgartirish, bo‘sh ish o‘rinlari va boshqa shu kabi masalalarda maslahatlar berildi.

Bundan tashqari, 7 nafar tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish kooperativlarini tashkil etish hamda 400 nafar fuqarolarni kooperativga aʼzo sifatida biriktirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Misol tariqasida:

Sardoba tumanidagi tikuvchilik yo‘nalishida faoliyatini boshlagan “Sardoba textile Oqsaroy grup” MCHJga talofat ko‘rgan mahallalardagi 52 nafar ishsiz fuqarolarga ishga joylashtirish uchun yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, chet davlatga pandemiya sababli chiqa olmagan Sardoba tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi Mavluda Tog‘ayeva, Nargiza Xayriddinova, “temir daftar”ga kiritilgan Xurshida Bekbo‘tayeva va maktab bitiruvchisi Sitora Qo‘chqorovalar ushbu yarmarkada ishga joylashish uchun yo‘llanmalarga ega bo‘lishdi.

Mirzaobod tumanidagi tikuvchilik yo‘nalishida faoliyatini yuritayotgan “Finiba tex” MCHJga talofat ko‘rgan mahallalardagi va “temir daftar”ga kiritilgan 27 nafar band bo‘lmagan fuqarolarga yo‘llanmalar berildi.

Oqoltin tumanidagi tikuvchilik yo‘nalishida faoliyatini boshlagan “OQOLTIN ULTRA ART TEXTILE” MCHJga talofat ko‘rgan mahallalardagi 84 nafar ishsiz fuqarolarga ishga joylashtirish uchun yo‘llanmalar berildi. Misol uchun Gulnozaxon Ashurova, Nilufar Abdullayeva, Dilfuza Karabayeva va Zulfiya Ashurova, “temir daftar”ga kiritilgan Jamila Davronova, Zulxumor Ubaydullayeva hamda chet davlatga pandemiya sababli chiqa olmagan Xanifa Abduraxmonova, Oygul Isokovalarga ushbu yarmarkada yo‘llanmalar taqdim etildi.

Bundan tashqari Oqoltin kasb xunarga o‘qitish markaziga qisqa muddatli kurslarda o‘qitish uchun 100 nafar ishsiz fuqarolarga yo‘llanmalar berildi. Misol uchun “temir daftar”ga kiritilgan Gulnora Maxmudova, Xumora Ravshanova, chet davlatga pandemiya sababli chiqa olmagan Farangiz Nasrullayeva, Odinaxon Nurmatovalarni kasbga o‘quviga yo‘naltirildi.

Shuningdek, Oqoltin kasb hunarga o‘qitish markaziga qisqa muddatli kurslarda o‘qitish uchun 81 nafar ishsiz fuqarolarga yo‘llanmalar berildi. Bular taʼlim muassasalarini bitirgan bitiruvchilar Umida Sultonova, Shaxlo Jo‘rayeva, Sarvinoz Mamadaliyeva, Zarnigor O‘rinboyeva va boshqalar va Mirzaobod tumanidagi limonariya yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan “Axmad-xon”MCHJga qisqa muddatli kurslarda o‘qitish uchun 81 nafar ishsiz fuqarolarga yo‘llanmalar berildi. Bular Gulmira Umarova, Malika Norbo‘tayeva, Mavluda Eshonova, taʼlim muassasasini bitirgan Sarvinoz Sobirova va Feruza Aʼzamxonovalar.

Tizimning yana bir xizmat turlaridan biri bo‘lgan, subsidiya ajratish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, talofat ko‘rgan tumanlarning 270 nafar band bo‘lmagan fuqarolariga o‘z daromadlariga ega bo‘lishlari hamda oilalarida tadbirkorlikni amalga oshirishga va bandligini taʼminlashga ko‘maklashish maqsadida 294 mln.so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilab olindi.

Bundan tashqari uch kun davomida o‘tkazilgan tadbirning ikkinchi yo‘nalishida yaʼni tadbirkorlikka jalb qilishda ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatning tijorat banklari bilan hamkorlikda band bo‘lmagan va o‘ziga maqbul keladigan ish joyini topa olmagan va tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan 39 nafar ishsiz fuqarolarga o‘zlarining tadbirkorliklarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kredit mablag‘larini ajratish ishlari amalga oshirilmoqda

Misol uchun, Sardoba tumani “Al Xorazmiy” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Umida Omonova tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida 30 mln.so‘m miqdorida kredit olish uchun tijorat bank orqali hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Oqoltin tumani “Shodlik” mahallasida istiqomat qiluvchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan Bobur Jabborov parrandachilikni rivojlantirish uchun tijorat bankka murojaat qildi.

Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasida istiqomat qiluvchi pandemiya sababli chet davlatlarga chiqa olmagan Bobur Jabborov tuyaqushchilikni rivojlantirish uchun tijorat bankka murojaat qildi.

Ushbu tadbirning davomi sifatida Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlari aholisiga ayniqsa, band bo‘lmagan fuqarolarga “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish KO‘CHMA YARMARKASI” o‘z ishini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan taʼminlash hamda ularni tadbirkorlik qilish istaklariga ko‘maklashish borasidagi o‘z ishini davom ettirmoqda.