DOIMIY ISH BILAN TAʼMINLASH MAQSADIDA SIRDARYO VILOYATIDA O‘TKAZILAYOTGAN MEHNAT YARMARKALARINING BIRINCHI KUNI

04.11.2020

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan bayoniga muvofiq “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika Ishchi guruhi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublika Ishchi guruhi, Sirdaryo viloyat hokimligi, viloyat Prokuraturasi va tijorat banklari hamkorligida 2020 yilning 4 noyabr kuni Mirzaobod tumanining “Nurli kelajak” mahallasida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yarmarkasi” tadbiri tashkil etildi.

Tadbir har safargi yarmarkalardan farq qilgan holda yangicha yondashuv asosida ikki yo‘nalishda tashkil etildi, birinchi yo‘nalishda korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, band bo‘lmagan fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishda o‘ziga maqbul keladigan ishni topa olmagan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik qilish istagini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan kredit resurslari hamda taʼminotchi korxonalar tomonidan uskunalar, jihozlar va minitexnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad:

barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda istiqomat qiluvchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi sonini aniqlash va ularning har birini ishga joylashtirish yoki tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantirish;

mazkur hududda yangitdan tashkil etilgan loyihalarga talab etiladigan mehnat resurslarini aniqlash va shu hududda yashovchi mavjud band bo‘lmagan aholini doimiy ishga joylashtirish;

chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, intensiv bog‘dorchilik, issiqxonalar va boshqa yo‘nalishlarda oilaviy tadbirkorligini tashkil etish istagi bo‘lgan ishsiz fuqarolarning qo‘shimcha loyihalarini aniqlash va amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

Tadbirda viloyatning barcha hududlaridan 74 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 4450 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbirga 1748 nafar ish qidiruvchilar (shulardan 114 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 56 nafari jazodan ozod qilinganlar, 465 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar), shu jumladan 994 nafar yoshlar va 692 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan 270 nafar ish qidiruvchilarga (169 nafar yoshlar, 126 nafar ayollar, shundan 12 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 24 nafari jazodan ozod qilinganlar, 86 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar, 465 nafari temir daftardan, 68 nafari ayollar va 85 nafari yoshlar daftaridan) ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Shuningdek, “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlaridan tadbirga 1046 nafar ish qidiruvchilar (shulardan 18 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 14 nafari jazodan ozod qilinganlar, 86 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar), shu jumladan 558 nafar yoshlar va 392 nafar ayollar jalb qilingan bo‘lsa, yarmarka natijasi bilan 130 nafar ish qidiruvchilarga (87 nafar yoshlar, 65 nafar ayollar, shundan 9 nafari harbiy xizmatdan bo‘shaganlar, 11 nafari jazodan ozod qilinganlar, 26 nafari chetdan qaytgan va chetga keta olmagan migrantlar, 15 nafari temir daftardan, 18 nafari ayollar va 24 nafari yoshlar daftaridan) ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

Shu bilan birga, 327 nafari kasb tayyorgarligiga yuborildi,49 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 164 nafari subsidiya olish yuzasidan ro‘yxatga olindi, 98 nafari tadbirkorlik qilish uchun kredit olishga istak bildirdilar.

Bundan tashqari, 840 nafar ish qidiruvchilarga mehnat qonunchiligi, ish joyini o‘zgartirish, bo‘sh ish o‘rinlari va boshqa shu kabi masalalarda maslahatlar berildi.

Bundan tashqari, 7 nafar tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarish kooperativlarini tashkil etish hamda 400 nafar fuqarolarni kooperativga aʼzo sifatida biriktirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ushbu tadbirni joriy yilning 5 noyabr kuni Oqoltin tumanining “Shodlik” mahallasida va 6 noyabr kuni Sardoba tumanining “Do‘stlik” mahallasida tashkil etish ishlari Respublika ishchi guruhi tomonidan davom ettirilmoqda.

Qolaversa, viloyatning chekka qishloqlari aholisi hamda “Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlaridagi talofat ko‘rgan oilalardagi ishsiz fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yarmarkasi” joriy yilning 7 noyabr kunidan boshlab tizimning 11 ta Damas avtomashinalari jalb etilgan holda sayyor tarzda tashkil etiladi.

“Sardoba” suv ombori toshqinidan talofat ko‘rgan tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan taʼminlash hamda tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligida tashkil etilgan Respublika Ishchi guruhi joylarda o‘z ishini davom ettirmoqda.