DAVLAT MEHNAT INSPEKSIYASI MAJBURIY MEHNATGA QARSHI KURASHMOQDA!

28.09.2020

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi. Pandemiya sharoitida hosilni talafotsiz terib olish, terimchilar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasiga ko‘ra mehnatga haq to‘lashni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, karantin sharoitida terimchilar xavfsizligini ta’minlash birinchi galdagi vazifadir.

Shu kabi jarayonlarni e’tiborga olgan holda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada aholining xabardorligini oshirish, shuningdek, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2020 yilgi paxta yig‘im-terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘iga asosan ishchi guruhlar shakllantirildi.

Bu borada Ishchi guruhlarga berilgan vazifalar bo‘yicha joriy yilning 21 sentyabridan hududlarda paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatning oldini olish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish, terim pullarining o‘z vaqtida berilishini ta’minlash yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunga qadar Davlat mehnat inspeksiyasiga mehnat va mehnatni muhofaza qilishga oid jami 50 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali - 22 ta, web sayt orqali - 2 ta, ijtimoiy tarmoq orqali-26 ta yetib kelgan. Kelib tushayotgan murojaatlarning eng ko‘pi Namangan viloyatida 11 ta, Qashqadaryo viloyatida 10 ta, Jizzax viloyatida 6 ta, Andijon viloyatida 5 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Buxoro viloyatida 3 ta va boshqa hududlarga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning mazmuniga ko‘ra 16 ta holatda mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan fuqarolar, 6 ta holatda bank xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinayotganligi to‘g‘risida xabar qilingan. Joylarda fuqarolar, korxona tashkilot va muassasalar xodimlari tomonidan ushbu yo‘nalishda tushayotgan murojaatlar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan xabarlarda keltirilgan holatlar zudlik bilan o‘rganilyapti. Unda aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Shunga qaramasdan, ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilayotgan kunlik monitoringlar natijasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygani uchun 2 ta holatda, mehnat shartnomalarini tegishli ravishda tuzmagan va mehnat sharoitlarini yaratmagan 4 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan 27 mln 875 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima tayinlandi.


Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ham yuborilmoqda. Hususan, Namangan viloyati Namangan shahrida joylashgan “Ixtisoslashtirilgan qurilish mollari bozori” MChJdagi savdo xodimlaridan paxta terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ilayotganligi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari yuzasidan tushuntirish hatlari va tegishli hujjatlari rasmiylashtirilib, holat tasdiqlanganligi sababli belgilangan tartibda ta’sir chorasi qo‘llash uchun Namangan viloyati Namangan shahar prokuraturasiga yuborildi.

Majburiy mehnatga qarshi kurash davom etmoqda !