Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari uchun onlayn seminarlar boshlandi
Bugun Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari hamda Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari uchun o‘quv dasturi asosida onlayn tarzda seminarlar boshlandi.
Mazkur o‘quv dasturini Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari B.Umurzaqov hamda “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi Bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup ochib berishdi.
Onlayn o‘quv kursining maqsadi – majburiy mehnat va odam savdosi bo‘yicha xalqaro standartlarga rioya etish, XMT a’zosi sifatida tegishli hujjatlarni O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilish, shuningdek, majburiy mehnat va odam savdosi holatlarini aniqlash ko‘rsatkichlari, ushbu holatlarni tergov qilish usullari va boshqa ish faoliyatimizdagi zarur masalalariga qaratiladi.
Maqsadga erishish uchun ushbu o‘quv dasturida quyidagi jihatlarga e’tibor qaratiladi, ya’ni O‘zbekistonda majburiy mehnat va odam savdosi bo‘yicha milliy qonunchilik va siyosat asoslari, jabrlanganlarga ko‘mak berish va vijdonsiz ish beruvchilarga qarshi amalga oshiriladigan choralar va holatlar kuzatuvi, vakolatli idoralarga holatlar haqida xabar berish va idoralararo hamkorlik.
Shu bilan birga asosiy urg‘u prokuratura organlariga materiallarni yuborish va aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalalariga qaratiladi.
Bu borada Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlikda “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar bilan xamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish dasturi” asosida mazkur yo‘nalishda milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni amaliyotda qo‘llash borasida huquqni muhofaza qilish, sud, huquq va davlat organlari xodimlarining malakasini oshirish maqsadida 2021 yil 27 aprel – 7 may kunlari qisqa muddatli onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
Xususan, sudyalar Oliy maktabi, Bosh prokuratura huzuridagi Akademiya, Davlat mehnat inspeksiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Davlat boshqaruvi akademiyasi mutaxassislaridan iborat trenerlar guruhi tayyorlandi.
Endilikda tayyorlangan trenerlar imkoniyatlaridan foydalangan holda, hududlarda soha mutaxassilari uchun qisqa o‘quv-seminarlar tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Bugundan boshlanayotgan 10 kunlik dasturdan iborat o‘quv kurslarida xalqaro ekspertlar Oksana Lipkanu, Maykl Kandarakis, shuningdek, Bosh prokuratura Akademiyasidan Ulug‘bek Abduraxmanov hamda vazirlikning vakillari inspektorlarga belgilangan dastur bo‘yicha o‘qishlarni olib boradilar.