«BUSINESS & DIPLOMACY» JURNALIDA “COVID-19 DAVRIDA MEHNAT MIGRANTLARINI HIMOYA QILISH: O‘ZBEKISTON TAJRIBASI” NOMLI MAQOLA CHOP ETILDI

10.11.2020

Germaniyada yilning har choragida nemis va ingliz tillarida nashr etiladigan «BUSINESS & DIPLOMACY» jurnalida “Covid-19 davrida mehnat migrantlarini himoya qilish: O‘zbekiston tajribasi” nomli maqola chop etildi.

Ushbu nufuzli nashr tomonidan chop etilgan maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida ish o‘rinlarini saqlab qolish va O‘zbekiston mehnat bozoriga koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini yumshatishga qaratilgan amalga oshirilgan keng miqyosdagi ishlar xususida so‘z yuritiladi.

            Jurnalda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanovning so‘zlari keltirilar ekan, unda mazkur jumlaga alohida urg‘u beriladi: “aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlar hamda O‘zbekiston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan inqirozga qarshi kurashish dasturlarining izchil amalga oshirilishi natijasida 8 oy ichida 826 ming nafar kishi doimiy ish o‘rniga va daromad manbaiga ega bo‘lishga imkon yaratildi”. Shuningdek, «BUSINESS & DIPLOMACY» jurnalining ushbu maqolasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya tizimi shakllanishining asl mohiyati, maqsadi va mexanizmlari ochib berilgan. Bu borada mamlakatimizda qanday ishlar olib borilganligi va qanday natijalarga erishilganligi bo‘yicha Vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov nemis jurnalistlarga batafsil maʼlumot berdi.