Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

28.07.2021

Unda qo‘mita a’zolari vazir Nozim Xusanovning “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan axborotini eshitdi.

Nozim Xusanov o’z nutqida, “yo‘l xaritasi”ning ijrosini ta’minlash bo'yicha vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi.

Xususan, 2020 yil 20-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalarning oldini olish, ishchi va xodimlarni sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash borasida qonun hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, 2021 yil 4 iyun kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida 187-sonli konvensiyasini (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. 

Shu bilan birga, Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan. Ayni paytda loyiha ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Yo‘l xaritasining 41-bandiga ko‘ra, vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligiga kiritilgan.