Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida

17.11.2021

Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Milliy komissiya va hududiy komissiyalar a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Yig‘ilishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda AQSH Mehnat vazirligi tomonidan “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida”gi yillik hisobotda keltirilgan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalasi yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xarita loyihasi muhokama qilindi.
Xususan, AQSH Davlat departamentining tavsiyalari asosida voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish, ularni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari faoliyatida qatnashishga undash, majburiy mehnatga jalb etish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan uchinchi tomon monitoringi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan milliy monitoring o‘tkazildi. Senatorlar va deputatlar tomonidan jurnalist va blogerlar jalb etilgan holda parlament nazorati hamda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan monitoringlar olib borilganligi qayd etildi.
Yig‘ilishda Majburiy mehnatga qarshi kurashish kichik komissiyasi raisi N.Xusanov ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyaning faoliyati to‘g‘risida axborot berdilar.
Qolaversa, yig‘iilishda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar Buxoro va Jizzah viloyatlari rahbarlarining sohaga oid ma’ruzalari tinglanib, Milliy komissiyaning tegishli hulosa va topshiriqlari berildi.
Shuningdek, Milliy komissiya tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan “AQSH Mehnat departamentining “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari” bo‘yicha navbatdagi hisobotida O‘zbekiston pozisiyasini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)” loyihasi ko‘rib chiqildi, tasdiqlandi va ijro uchun taqdim etildi.