BO‘STONLIQDA BANDLIK VAZIRLIGINING “YASHIL MAKON” BOGʻI YARATILDI

28.11.2023

10 ming dona ko‘chat ekish reja qilingan yer maydoni geografik joylashuvi, iqlimi, tuproq unumdorligi o‘rmon xo‘jaligi ilmiy xodimlari tomonidan o‘rganildi. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, ushbu tog‘ oldi lalmi yerga bodom ko‘chati tanlandi. Bugungi hashar ishlarida 2 ming tup ko‘chat ekildi.

Endi bu ko‘chatlarni parvarish qilish uchun hududga yaqin joylashgan mahallalardagi ishsiz fuqarolar Jamoatchilik jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadigan mavsumiy ishga olinadi.

“Ona Vatanni bog‘u bo‘stonga aylantiramiz!” shiori ostida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida vazirlik jamoasi, tasarrufiy va hududiy tuzilmalar xodimlari, Bo‘stonliq tumani mahallalari faollari va hokim yordamchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar jadal davom etadi.