Bilimni baholash markazlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish test sinovlari natijasi ma'lum bo‘ldi
2019-yil 1-iyul Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Malakasi tasdiqlangan shaxslar milliy reestriga kiritilgan fuqarolarning koreys tili bo‘yicha bilimlari haqqoniyligini tekshirish uchun test sinovi o‘tkazildi. Test jarayonida Bilimni baholash markazlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat orasidan tasodifiy usulda tanlab olingan fuqarolar ishtirok etdi.
Xususan, “Senter for assessment of knowledge” MChJ tomonidan taqdim etilgan 239 nafar fuqarodan 20 nafari, “Malaka va bilim sinov markazi” MChJdagi 104 nafar fuqarodan 5 nafari, "Kompleks test markazi" MChJdagi 3249 nafar fuqarodan 40 nafari – jami 65 nafar fuqaro saralab olindi va 4 guruhga bo‘linib, saralash test sinovini topshirdi.
Bilimni baholash markazlarining yuqori balli sertifikatini olgan bo‘lsa-da, tekshiruv testi natijasiga ko‘ra jami 14 nafar fuqaro testdan o‘ta olmadi. Ularning 4 nafari “Senter for assessment of knowledge” MChJ, 1 nafari “Malaka va bilim sinov markazi” MChJ va 9 nafari "Kompleks test markazi" MChJ tomonidan yuqori baholab berilgan fuqarolar edi.
Shuningdek, test sinovlarida uzrli sabablarsiz jami 12 nafar fuqaro ishtirok etmadi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 725-son qaroriga asosan tekshirish test sinovidan o‘ta olmagan 14 nafar va uzrli sabablarsiz qatnashmagan 12 nafar – jami 26 nafar fuqaroni Malakasi tasdiqlangan shaxslar milliy reestridan chiqarish to‘g‘risida ishchi guruh qarori qabul qilindi.
Tekshirish test sinovlarini o‘tkazib borish davom etadi.