Benazir shoh va shoir
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining
538 yilligiga bag‘ishlanadi
Bobur Mirzo - o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzodadir. Boburning otasi - Umarshayx Mirzo Farg‘ona o‘lkasi podshohi, onasi - Qutlug‘ Nigorxonim Toshkent hukmdori Yunusxonning qizi edi. Bobur yoshligidan harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini to‘liq bilgan.
Ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar o‘qib, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan "Bobur" ("Sher") laqabini oladi. Otasi Umarshayx mirzo 39 yoshida fojiali halok bo‘lgach, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi.
Hazrat Bobur mirzoning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 110 dan ziyod fardlari aniqlangan. Bobur Mirzo o‘zidan betakror ma’naviy meros qoldirdi. "Boburnoma" asari, "Xatti Boburiy"da bitilgan ruboiylari va qit’alari Movarounnahr va Afg‘onistonga, turkiy davlatlarda bebaho asar sifatida qadrlanadi.
Vafotidan oldin podsholikni Humoyunga topshirgach, Bobur Mirzo 1530 yili 47 yoshida o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va o‘sha yerda dafn etildi, keyinchalik 1539 yilda uning vasiyatiga ko‘ra xoki Qobulga keltirilib, o‘zi bunyod ettirgan "Bog‘i Bobur"da dafn qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida faoliyat yuritayotgan yoshlar jamoasi Adiblar xiyobonida bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan benazir shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga ta’zim bajo keltirdilar va shoir, buyuk mutafakkir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Gullola Isakova
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi