Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “XALQARO AMIR TEMUR XAYRIYA JAMOAT FONDI”ning mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14 martda 100-sonli “Xalqaro Amir Temur jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorga asosan, buyuk davlat arbobi Amir Temurning ijtimoiy-siyosiy merosini, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur o‘rganish, yosh avlodda milliy iftixor va Vatan tuyg‘usini shakllantirish maqsadlariga xizmat qilish ko‘zda tutilgan.
2020 yil Pandemiya davrida o‘tkazilgan xalqaro ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra aholini ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan vazirlik, tashkilot va fuqarolar aniqlangan va g‘oliblar “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni bilan taqdirlanib kelmoqda.
Gʻoliblar orasida yetakchilik qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bugun mazkur mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. “XALQARO AMIR TEMUR XAYRIYA JAMOAT FONDI"ning ko‘krak nishoni bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov hamda vazirlik Boshqarma boshlig‘i Ilhom Abrorov aynan mazkur mukofotga munosib deya e’tirof etilganligini ta’kidlagan Fond vakili S.A’zamova esdalik nishonini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, vazir o‘rinbosari B.Umurzakov, vazirlik markaziy apparati rahbar va xodimlari hamda Fond vakillari S.A’zamova, O‘.Karimova ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Fond vakili S.A’zamova mamlakatimizda fidokorona mehnatlar hamisha yuksak qadrlanishini hamda ushbu nishon sovrindorlarni yurtimiz ravnaqi yo‘lida yanada faol ishtirok etishga undashini alohida ta’kidladi.