Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorlikda loyihalarni amalga oshiradi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va “Yuksalish” umummilliy harakati qator yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Xususan, tomonlar Davlat dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarni sifatli bajarish, ishsiz va band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, qishloq joylardagi xotin-qizlarni, ayniqsa, yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi.
Shuningdek, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarni huquq va manfaatlarini himoya qilish, xalq va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha ham hamkorlik olib boriladi.
Bundan tashqari, Davlat dasturlari ijrosining tizimli monitoringini amalga oshirish va ularning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish hamda respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlar, davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan.