Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Qashqadaryo viloyatida kambag‘allikni kamaytirish yuzasidan tashkil etilgan ishlar bilan tanishdi

17.04.2020

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan COVID-19 pandemiyasining mehnat bozori, mehnat munosabatlari va aholi bandligiga salbiy ta'sirini yumshatish, eng avvalo, vaqtincha ishsiz qolgan, tashqi chegaralar yopilishi munosabati bilan xorijga ishlash uchun keta olmagan fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish, shuningdek, kambag‘allikni kamaytirish va oldini olish bo‘yicha respublikamizning barcha hududlarida zaruriy choralar ko‘rilmoqda.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd. so‘m ajratilgan. Natijada aprel oyida 117 mingdan ortiq fuqaro jamoat ishlariga jalb qilingan. Birgina Qashqadaryo viloyatida jamoat ishlariga 7.5 ming fuqaro jalb qilindi.

photo_2020-04-17_09-17-42

Qo‘yilgan vazifalarning borishini o‘rganish, nazorat qilish, vujudga kelayotgan muammolarga yechim topish maqsadida joriy yilning 15-aprel kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov Qashqadaryo viloyatining Kitob hamda Qamashi tumanlarida bo‘ldi.

Qayd etish lozim, karantin paytida band bo‘lmagan aholini ish bilan ta'minlash hamda kambag‘allikni kamaytirish yuzasidan olib borilayotgan tadbirlar, xususan aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga yordam berish maqsadida Kitob tumanidagi 18 ta xonadonga 2.2 mln so‘mdan jami 35.6 mln so‘m subsidiya ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan tumandagi daromadi yuqori bo‘lmagan oilalar shaxsiy yer tomorqalarida issiqxonalar tashkil etildi.

photo_2020-04-17_09-17-40

Aholi bandligini ta'minlash va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun 489 nafar kam ta'minlangan oila a'zolari xaq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.

Qamashi tumanida ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda tashkil etilyapti. Xususan, hududdagi dukkakli va boshoqli don ekinlari, kartoshka hamda mevali va manzarali daraxtlarga ixtisoslashtirilgan “Comfortable business service” MCHJ Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 60 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etgan.

Shuningdek, vazir Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ajratilgan subsidiya hisobiga shaxsiy tomorqasida issiqxona tashkil qilgan qamashilik Husan Xidirov faoliyati bilan tanishdi.

photo_2020-04-17_09-17-35

Ushbu issiqxona fuqaroning 15 sotix shaxsiy tomorqa yer maydonida tashkil etilgan. Unda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ajratilgan 669 ming so‘m miqdoridagi subsidiya hisobidan 2676 dona pomidor, bulg‘or qalampiri va baqlajon ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborilgan.