Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri nega Olot tumaniga bordi?

19.01.2021

Sohada qilinayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, chekka va olis hududlarda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, odamlarga zarur shart-sharoitni yaratib berish dolzarbligicha qolmoqda. Pandemiya davri, qolaversa, o‘tgan yili 27 aprelda sodir bo‘lgan tabiiy ofat yurtimizning janubiy chegarasida joylashgan Olot tumani aholisini ham jiddiy sinovdan o‘tkazgani hech kimga sir emas. Shu boisdan, respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov viloyat mutasaddilari hamrohligida mazkur tumanda bo‘lib, mavjud muammolar yechimiga e’tiborini qaratdi.

Dastlab “Shayxlar” MFYda aholi bandligini ta’minlash, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning mehnat layoqatiga ega bo‘lgan a’zolarini ish bilan ta’minlash, og‘ir ahvolda yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida bajarilayotgan ishlar, aholi xonadonlaridagi o‘rganish va xatlov natijalari muhokama qilindi. Vazirning shu mahallada yashovchi fuqaro Halima Sultonova bilan kechgan suhbati davomida uning kelini Zulfiya Hamroyevani ishga joylashtirish masalasi o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, fuqaro Malika Jumayeva bilan suhbat jarayonida tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ayol mahallada nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurib, foydalanishga topshirish niyatida ekanligini, buning uchun unga shu muassasani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliy yordam zarurligi ayon bo‘ldi.

Xuddi shunday, vazir boshchiligidagi mas’ullar tuman markazida joylashgan “Bunyodkor” MFYda bo‘lib, murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarining yechimi bilan qiziqdi. Mahalla raisi J.Raxmatov bilan suhbat jarayonida hududda yigirmadan ortiq ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Nozim Husanov tomonidan har bir sektorda mehnat yarmarkalarini puxta tayyorgarlik bilan tashkil etishga doir topshiriq berildi.

Shuningdek, tumanda aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish maqsadida mahallalardagi holatlar tahlil qilindi.

Ishsiz yoshlarni qiziqishi va layoqatiga qarab kasb-hunarli qilish maqsadida ochilgan kasb-hunar maktabining faoliyati ham vazir va boshqa mutasaddilarni befarq qoldirmadi. Bu yerda Nozim Husanov kasb-hunar maktabidagi mavjud texnika va texnologiyalardan samarali foydalangan holda o‘quvchi sonini ko‘paytirish, albatta, bunda o‘qishni tamomlagan har bir yosh yoki fuqaroni daromadli qilish lozimligi xususida to‘xtaldi. Shu yil 20 yanvar kuniga qadar mahallalar kesimida muayyan kasb-hunarga o‘qish istagida bo‘lgan ishsiz fuqarolarning ro‘yxatini mahalla bilan birgalikda shakllantirib, o‘qitishni boshlash kerakligini ta’kidladi.

Muhimi, topshiriqqa asosan shu kunning o‘zida tikuvchilik, qurilish sohasi uchun qator mutaxassisliklar, elektrgazpayvandlovchisi, elektrik kabi yo‘nalishlari bo‘yicha 80 nafardan ortiq ishsiz fuqaro ro‘yxati shakllantirilib qisqa muddatli o‘quv kurslari boshlandi.

Respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri boshchiligidagi ishchi guruhining viloyatdagi o‘rganishlari davom etmoqda.