Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya raisi etib saylandi
2019-yil 28-oktabr O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi faoliyatiga oid masalalarga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi “Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida”gi 553-son Qaroriga muvofiq tuzilgan uch tomonlama komissiya raisi hamda komissiyaning doimiy ishchi guruhlari hamraislarini saylash, shuningdek, komissiyaning 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan faoliyati bo‘yicha ish rejasini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov yig‘ilishda bir ovozdan komissiya raisi etib 3 yilga saylandi.
Ma'lumot uchun: Komissiyaning asosiy vazifalariga xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish, xalqaro tajribani o‘rganish, xalqaro mehnat normalarini ratifikatsiya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha, shuningdek, Xalqaro mehnat konferensiyasi kun tartibi bandlariga taalluqli savollarga javoblar va hukumatlarning Konferensiya tomonidan muhokama etiladigan matnlarga taklif etilayotgan fikr-mulohazalari yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish kiradi.