Ayrim ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan murojaat yuzasidan ma'lumot

28.05.2019

2019-yilning 27-may kuni ayrim ommaviy axborot vositalarida Namangan viloyati Namangan tumanida yashovchi fuqaro, 1-guruh nogironi Otabek Rayimov tomonidan mutaxassisligi bo‘yicha tuman Madaniyat saroyiga ishga olinmayotgani bo‘yicha yo‘llangan video murojaat e'lon qilindi. Ushbu masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Ma'lum bo‘lishicha, O.Raimov 2007-yil “An'anaviy ijrochilik” ixtisosligi bo‘yicha Namangan madaniyat kollejini tamomlagan. 2018-yilning 19-aprelida mutaxassisligi bo‘yicha tuman Madaniyat saroyiga ishga joylashishda amaliy yordam so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan. Ushbu murojaat Namangan tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ko‘rib chiqilganda O.Raimov faqatgina tumandagi madaniyat bo‘limida ishlash istagi borligini bildirgan. Biroq o‘sha vaqtda madaniyat bo‘limida fuqaroning mutaxassisligi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni bo‘lmagani bois, O.Raimovga boshqa vazifadagi ish taklif etilgan, ammo fuqaro tomonidan boshqa ish o‘rni rad qilingan.

Namangan tumani hokimining 2018-yil 25-oktabrdagi 1519-sonli qaroriga asosan tumandagi 25 ta korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini ishga joylashtirish uchun 378 ta ish o‘rinlari zaxiralangan, 2019-yil 4 oyi davomida zaxiralangan (kvota) ish o‘rinlaridan 106 tasiga ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar ishga joylashtirilgan. Lekin shu paytga qadar fuqaro O.Rayimov viloyat Bandlik bosh boshqarmasiga ham, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ham mazkur ish o‘rinlariga ishga joylashtirishni so‘rab murojaat qilmagan. Bu haqida fuqaro o‘z bildirgisida ham qayd etib o‘tgan.

Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi mas'ul xodimlari 2019-yilning 27-may kuni Otabek Raimov bilan uchrashib, tumandagi korxona va tashkilotlardagi bo‘sh (vakant) hamda zaxiralangan (kvota) ish o‘rinlari bilan tanishtirdi. Fuqaro taklif etilgan ish o‘rinlaridan o‘ziga maqbulini tanlab, Namangan tumani Madaniyat bo‘limiga qarashli Madaniyat markazidagi to‘garak rahbari lavozimiga ishga joylashtirildi.

билдирги

билдирги 2

буйруқ