AT Mikrokredit bank Angor tuman filialidagi holat yuzasidan rasmiy munosabat

21.09.2021

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Shanba (dam olish) kuni “To‘qqiz oy yakuni” deb barcha xodimlari bilan ish tashkillagan (Raisning topshirig‘iga ko‘ra)” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar https://t.me/bankirkundaligi/3963 yuzasidan Surxondaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish davomida AT Mikrokredit bank Angor tuman filialida xizmat qilayotgan 31 nafar xodimdan holat yuzasidan tushuntirish xatlari olindi. Natijalarga ko‘ra, filial xodimlarining paxta yig‘im-terim ishlariga jalb etilish holatlari aniqlanmadi.

Biroq joriy yilning 18-19 sentyabr dam olish kunlari fuqarolardan muddati o‘tgan kredit to‘lovlarini undirish hamda terimchilarga pul tarqatish uchun xodimlar ishga jalb qilingan.

AT Mikrokedit bank Angor tuman filiali boshqaruvchisi tomonidan Mehnat kodeksining 115, 130, 157-moddalari talabi buzilganligi sababli, mazkur qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan Yozma ko‘rsatma hamda  O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda Jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudiga yuborildi.