AQSH MEHNAT VAZIRLIGI O‘ZBEK PAXTASINI MAJBURIY MEHNAT ORQALI ISHLAB CHIQARILGAN TOVARLAR RO‘YXATIDAN CHIQARDI

29.09.2022

AQSH MEHNAT VAZIRLIGI O‘ZBEK PAXTASINI MAJBURIY MEHNAT ORQALI ISHLAB CHIQARILGAN TOVARLAR RO‘YXATIDAN CHIQARDI

 

2022-yil 28-sentyabrda AQSH Mehnat vazirligi “Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati-2022” yillik hisobotini eʼlon qildi.

 

Mazkur hisobotda 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalari to‘grisida batafsil ma’lumot berilgan. Xususan, mehnat sohasidagi fundamental tamoyillar va huquqlarni hayotga tatbiq etish, jumladan, ijtimoiy-mehnat sohasida muhim qarorlar qabul qilishda uch tomonlama maslahatlashuvlarning (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda O‘zbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasi uyushmasi ishtirokida) samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarga yuqori baho berilgan.

Mazkur qaror Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021-yilgi paxta hosili monitoringi davomida tizimli majburiy mehnat aniqlanmaganligini hisobga olgan holda qabul qilindi. Bundan tashqari, amerikalik ekspertlar tomonidan 2022-yilda hukumat, nodavlat tashkilotlar hamda sanoat sohasi mas’ul vakillari bilan bir qator o‘rganishlar va intervyularni o'z ichiga olgan baholash o'tkazilgan.

 

“Oʻzbekiston misolida shunday xulosaga kelish mumkinki, xalqaro manfaatdor tomonlar komagida Hukumat tomonidan amalga oshirilgan choralar, paxta sohasida majburiy mehnatning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi. Juda kam uchraydigan qonun buzish holatlari kuzatilishiga qaramasdan, Hukumat bu kabi yuzaga kelishi mumkin bo'lgan har qanday yangi holatlarga tezda javob berish qobiliyatini namoyish etdi. Hukumatning bunday sa’y-harakatlari orqali majburiy mehnatni qisqartirish va ishchilar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish borasida ulkan yutuqlarga erishildi”, — deyiladi yillik hisobotda.

Ma’lumot uchun: o‘zbek paxtasi 2009-yilda bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga,
2018-yilda xalqaro kuzatuvchilar, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan olib borilgan monitoring va tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSh Mehnat departamenti o‘zbek paxtasini bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlagan edi. Shundan buyon, mazkur mahsulot majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar ro'yxatida saqlanib qolayotgandi. Hozirda o‘zbek paxtasi mazkur ro‘yxatdan butunlay chiqarib tashlandi.

 

Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonning paxta mahsulotlarini AQShga eksport qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.