AQSH delegatlari bilan O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish masalalari muhokama etildi
10-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida AQSH delegatsiyasi vakillari bilan majburiy mehnatga barham berish sohasida hamkorlik bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda AQSh davlat departamenti Odam savdosiga qarshi kurashish va monitoring boshqarmasi xodimi Andryu Fender, AQSh Mehnat vazirligi mutaxassislari Reychel Raba, Juliya Reynits, AQShning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Alan Melser, ikkinchi kotibi Brandon Shervud hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi vazirlik mas'ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida AQSh delegatsiyasi vakillariga O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi va O‘zbekistonning mehnat siyosati bo‘yicha AQSh delegatlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar majburiy mehnatga qarshi kurashda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va bu borada istiqbolli rejalarni amalga oshirishga kelishdi.