AMUR GAZNI QAYTA ISHLASH ZAVODI ATROFIDAGI QURILISHLARDA ISHLASH UCHUN 231 NAFAR FUQARO JO‘NAB KETDI

15.10.2020

Bugungi kunda fuqarolarimizni xorijda xavfsiz, tartibli va qonuniy bandligini ta’minlash, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida joriy etilgan qator cheklovlar sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni xorijga ishga jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17 avgustda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, shuningdek, 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini amalga oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorlarida Rossiya Federasiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat migrasiyasi sohasiga oid muhim vazifalar ham belgilab berilgan.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 16-29 sentyabr kunlari Rossiya Federasiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mehnat migrasiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi delegasiyasi Rossiya Federasiyasida bo‘lib qaytgan edi.

Tashrif doirasida Rossiyaning yirik ish beruvchi kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, O‘zbekiston fuqarolarini ushbu korxonalarga ishga jalb qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan.

Ushbu kelishuvlar doirasida Rossiya Federasiyasi “Gazprom” kompaniyasining Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi qator qurilishlarda ishlash uchun 231 nafar fuqaro bugun Navoiy xalqaro aeroportidan charter reys orqali jo‘nab ketdi.

Ta’kidlash joiz, ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchi koronavirus bilan kasallansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ta’minlanishi belgilangan.