Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta'minlash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oldida turgan asosiy maqsadlardan biri

24.04.2020

“Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonda belgilab berilgan vazifalar ijrosini joylarda tashkil etish, ayni yo‘nalishda olib borilayotgan faoliyat bilan yaqindan tanishish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov Namangan viloyatining Pop va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida bo‘ldi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, kam ta'minlangan (kambag‘al), yosh oilalar, chetga ketish istagida bo‘lgan migrantlari va band bo‘lmagan fuqarolar bandligini ta'minlash hamda aholining tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanishi orqali ularning daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun Namanganning Pop tumanida 400 ta va To‘raqo‘rg‘on tumanida 150 ta oilaga ajratilgan 0,01 gadan yerda issiqxonalar qurilgan.

photo_2020-04-24_12-34-08

Vazir dastlab Pop tumanida “Orom” va “Vodiy” MFY hududida tashkil etilgan va band bo‘lmagan 200 nafar ishsiz fuqarolar uchun tashkil etilgan 2 gektarlik issiqxonada bo‘ldi.

Shuningdek N.Xusanov viloyatning To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, hududdagi “Shoxidon” MFY hududida tashkil etilgan kooperativ hamda “Kumidon” MFY hududida qad rostlagan issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
So‘ng tumandagi tikuvchilik yo‘nalishiga ixtisoslashgan “Dilrabo SDA” MChJ faoliyatini o‘rganib, korxona rahbari M.Sodiqova bilan tadbirkorning kelajakdagi rejalari xususida suhbatlashdi.

photo_2020-04-24_12-34-11

Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilayotgan jamoat ishlari bilan tanishdi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlarida aholi bandligini ta'minlash maqsadida Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlarning oldini olish davrida haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlari tashkil etilgan va unga 29 622 nafar ishsiz va vaqtincha ishsiz fuqaro jalb etilgan.

photo_2020-04-24_12-34-12

Jumladan, har bir MFY hududida tashkil etilgan xalq posbonlari blok postlariga sobiq ichki ishlar organlari xodimlari; joylarda patronaj ishlarini olib borish, dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish uchun ishsiz hamshiralar, tibbiyot kolleji bitiruvchilari, ish o‘rinlari qisqartirilgan SES xodimlari; “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari hamda ipak qurti parvarishiga vaqtincha ishsiz fuqarolar jalb etilgan.