Aholi bandligini ta'minlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilishda yangi loyiha ishga tushirilmoqda

13.07.2019

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi aholi bandligini ta'minlashning zamonaviy mexanizmlarini amaliyotga joriy qilishda qator yangi loyihalarni ishga tushirmoqda.

Shulardan biri, “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston Respublikasining Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi qishloq xududlarida ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda kam ta'minlangan aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda ijtimoiy hamkorlikning innovatsion mexanizmlari” loyihasi hisoblanadi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan ijtimoiy buyurtma, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda “DVV-INTERNATIONAL” Germaniya milliy universitetlari uyushmasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

13-iyul Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ishchi guruh bilan ushbu loyiha xususida fikr almashildi va loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov, “Sabr” RIIRM direktori Mavluda Shirinova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi vakili Furqat Rashidov, shuningdek, tegishli davlat organlari mas'ullari, hududiy nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ma'lumki, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi, Prezidentning 2019-yil 5-martdagi “2019-yilda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi PQ-4227-son Qarori, shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari davlat dasturlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish, aholini tadbirkorlikka jalb etish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va o‘z-o‘zini band qilish nazarda tutilgan.

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan chora-tadbirlar shuni ko‘rsatdiki, davlat dasturlari doirasida tadbirkorlikni boshlayotgan shaxslarga mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va kelgusida yanada ko‘proq daromadga ega bo‘lish yuzasidan maxsus tushuntirish ishlarini olib borishga, talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitishga ehtiyoj sezilmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Sabr” RIIRM ijtimoiy hamkorligida amalga oshiriladigan yangi loyiha ham ayni shu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, bunda turli ijtimoiy-demografik holatga ega Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida Mahalliy rivojlanish markazlari (MRM)ni tashkil etish, u yerda ishsiz fuqarolarga kasbiy malaka berish va shu orqali chekka hududlardagi aholi, ayniqsa, kam taminlangan oilalar, yoshlar va ayollarni ish bilan ta'minlashga zamin yaratish maqsad qilingan.

Shuningdek, loyiha doirasida:

- mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar yo‘nalishi bo‘yicha loyiha doirasidagi har bir viloyat MRMida 6 tadan 8 tagacha qisqa muddatli (2-3 oylik) tayyorlov kurslarini tashkil etish;

- MRM bitiruvchilariga sertifikat berish va ularga o‘z tadbirkorligini boshlab yangi ish joylarini tashkil qilishlari uchun imtiyozli mikroqarzlar ajratish;

- kam ta'minlangan oilalarning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish uchun MRM huzurida psixolog, tibbiyot xodimi, yurist singari mutaxassislar maslahatini joriy qilish;

- davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy  islohotlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida “Faol insonlar klubi” va “Axborot-resurs choyxonasi”ni tashkil etish singari chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘lib o‘tgan taqdimotda loyihadan kutilayotgan istiqbolli natijalar va bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar haqida fikr almashildi. Loyiha doirasida 1600 nafar shaxs kasbga o‘qitilishi ta'kidlandi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov ushbu loyiha orqali davlat organi va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida strategik ahamiyatga ega ijtimoiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Loyiha dastlab belgilangan 6 ta viloyatda tajriba sifatida amalga oshirilgach, to‘plangan ijobiy tajriba va innovatsion yondashuv asosida respublikaning barcha hududlariga tadbiq etiladi.

1 (10)