Aholi bandligini ta’minlash istiqboli xususida

24.06.2020

Joriy yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan videokonferensiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning ijrosi haqida”gi axboroti eshitildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasining mas’ul rahbar xodimlari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbirda samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish – Barqaror rivojlanish maqsadlarining 8-maqsadiga erishish yo‘lida qilingan ishlar, jumladan mehnat bozorida faol va sust chora-tadbirlarni amalga oshirish, xususiy mulkni muhofaza qilish, kichik va yirik biznesni hamda xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va tezkor rivojlantirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish orqali aholini, ayniqsa, yoshlar, nogironlarni munosib ish bilan ta’minlash va samarali bandlikni kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarga alohida ahamiyat berildi.

Палата  2 

Axborotda 2019 yilda O‘zbekistonning ish bilan band bo‘lgan aholisining o‘rtacha yillik soni 13,5 million kishini tashkil etib, ish bilan ta’minlanganlar soni har yili o‘rtacha 300 ming kishiga ko‘paygan, mehnat resurslaridan foydalanish darajasi 71,2 foizni tashkil qilishi, shuningdek, ish o‘rinlarining to‘rtdan uch qismi yuridik shaxsni tashkil etmasdan faoliyatni amalga oshiruvchi, ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes, xususiy va yakka tartibdagi tadbirkorlik hisobiga yaratilganligi aytib o‘tildi.

Палата  3

Respublika iqtisodiyotining jadal rivojlanishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha Dastur vazifalarini bajarish uchun 2030 yilga kelib ish bilan band bo‘lganlar sonini 16,7 million kishiga yetkazish, bunda ish bilan band aholining o‘rtacha yillik o‘sishi 1,6 foizni yoki 245 ming kishini tashkil etishi kutilayotganligi, 2030 yilgacha barcha xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandlik hamda munosib ish bilan, shuningdek, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi to‘lanishini ta’minlash yo‘nalishidagi (8 maqsaddagi 5-vazifa bo‘yicha) asosiy muammolaridan biri bu norasmiy bandlik hisoblanib, bugungi kunda noqishloq xo‘jaligi sektorlarida norasmiy bandlik ulushi 54,3 foizni tashkil etmoqda. Norasmiy bandlik ulushi erkaklar va ayollarga nisbatan bo‘lib, erkaklarning 22,1 foizi norasmiy ish bilan band bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich atigi 12,5 foizni tashkil qilishi ta’kidlandi.

Палата 

Bolalar mehnati hamda majburiy mehnatning eng yomon shakllariga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat va monitoring qilishni kuchaytirish yo‘nalishida (8-maqsaddagi 7-vazifa bo‘yicha) mamlakatimizda 2013 yildan boshlab XMT metodologiyasi va ularning mutaxassislari ishtirokida monitoring qilinayotganligi hamda bu borada yuqori natijalarga erishilgani, ham jamiyatning e’tirofiga sazovor bo‘layotganligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili jami 259 ta holatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilganligi ta’kidlanib, bunday holatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar yana davom etishi aytib o‘tildi.

Ishchi xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ular uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash yo‘nalishida (8-maqsaddagi 8-vazifa bo‘yicha) ham qator muammolar saqlanib qolinmoqda. Jumladan, hisobotda keltirilganidek birgina 2019 yilda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha 21,2 mingta korxonada 93,7 mingta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu borada Kasaba uyushmalari Federasiyasining pandemiya sharoitida ishchi-xodimlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borayotgan ishlarini yanada jadallashtirish zarurligi deputatlar tomonidan ta’kidlandi.

Tartibga solingan, xavfsiz, boshqariladigan mehnat migrasiyasi va samarali migrasiya siyosatiga ko‘maklashish yo‘nalishida (10-maqsaddagi 7-vazifa bo‘yicha) bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, so‘nggi ikki yil davomida tashkillashtirilgan va xavfsiz migrasiyani ta’minlash, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini himoya qilish maqsadida o‘nga yaqin qonun va qarorlar qabul qilindi.

Axborot yuzasidan videokonferensiya ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Палата 1