Aholi bandligiga ko‘maklashish ishlari davom etmoqda
05.06.2020
#Toshkent_viloyati
Joriy etilgan karantin va cheklovlar davrida aholi bandligi va daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bu kabi ishlar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan ishsiz aholini kasbga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali bandligini ta'minlash sohasida ham olib borilmoqda. Xususan, bunga viloyatning Chinoz tumanidagi “QO‘JAKENT TEXTILE GROUP” MChJda ishga joylashtirilgan 216 nafar fuqaro jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kasbga qayta o‘qitilgan, malakasi oshirilgan va buning uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 596 mln. so‘m to‘lab berilganlini misol keltirish mumkin.
Joriy yilning 3-iyun kuni shu kabi masalalarning ijrosini o‘rganish hamda aholi bilan muloqot qilish maqsadida Oliy Majlis Senati a'zosi M.Qodirxonova va Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov Chinoz tumanida bo‘lib, holatni ko‘zdan kechirdi. Subsidiya mablag‘lari hisobidan issiqxonaga ega bo‘lgan, jamoat ishlariga jalb etilgan hamda kasb-hunarga o‘qitilib ishga joylashtirilgan fuqarolar bilan uchrashdi. Mavjud imkoniyatlardan yanada samaraliroq foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.
Qayd etish joizki, 2020-yil yanvar–may oylari davomida aholi tomorqalarida issiqxona qurish, sug‘orish vositalari, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun 48 nafar fuqaroga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan 66,1 mln. so‘m subsidiya ajratildi.
Undan tashqari, joriy yilning yanvar–may oylari davomida 1047 nafar fuqarolar vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan. Buning uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 612, 3 mln. so‘m to‘lab berilgan.