Agar mehnatni muhofaza qilish sohasida mutaxassis bo‘lsangiz...

07.01.2022

“Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislarning malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-yanvardagi 4-son qarori qabul qilindi. 

Mazkur Reglamentga muvofiq mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis malaka sertifikatini olish uchun talabgorlar Davlat xizmatlari markazlariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilishlari mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmalari malaka imtihonini o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Malaka sertifikati – talabgorga tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotning (mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilari) xodimi sifatida faoliyat yuritish huquqini beruvchi hujjat hisoblanadi va u besh yil muddatga beriladi;

Malaka imtihoni uchun 45 daqiqa beriladi va u 75 ta savoldan iborat bo‘lgan test sinovlari orqali o‘tkaziladi. 70 foizdan kam bo‘lmagan savollarga to‘g‘ri javob bergan talabgor malaka imtihonidan o‘tgan hisoblanadi.

Malaka sertifikati O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida yuridik kuchga ega bo‘ladi.