28-aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi

28.04.2023

Insoniyat hamma davrlarda havfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelgan. Mavzu ilk bora yunon faylasuflari Arastu (m.a 387-322 yillar) va Gippokrat (m.a 459-377 yillar) tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganilgan. Gippokrat rudalar changining inson salomatligiga zararli ta’siri to‘g‘risida yozgan. Golen esa qo‘rg‘oshin changining zararli ta’siri natijasida kelib chiqadigan patalogik holatlar batafsil ta’riflangan asar yaratgan.
Ulug‘ ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino o‘z ishlari bilan (980-1087 yy) bundan 1000 yil muqaddam gigiyena faniga asos solgan.
Ma’lumki, 80 yillar o‘rtalarida AQSH, Kanada, ko‘plab Yevropa va Osiyo mamlakatlarida ish joylarida og‘ir jarohatlanish olgan va hayot bilan vidolashganlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshgan. 1989 yilda AQSH va Kanadaning yirik kasaba uyushmalari tashkilotlari “Xalok bo‘lgan xodimlarni xotirlash kuni” nomi bilan halok bo‘lgan ishchilarni xotirlash tashabbusi bilan chiqgan.
1996 yil Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunini ta’sis etish bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkilotiga yuborilgan rasmiy taklif 2003 yildan boshlab qo‘llab-quvvatlangan va 28 aprel sanasi tanlangan.
2003 yil 28 apreldan beri har yili dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusi bilan nishonlab kelinayotgan an’anaga aylangan tadbir – butun dunyo xamjamiyatini katta muammoga, ya’ni ish joylarida sodir bo‘layotgan oqibati yengil, og‘ir va o‘lim bilan tugagan baxtsiz xodisalarni, kasb kasalliklarga chalinishni oldini olish va mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni kuchaytirishga qaratmoqda.
2023-yil iyun oyida Xalqaro mehnat konferensiyasi (XMK) xavfsiz va sog‘lom mehnat muhiti masalasini XMTning mehnatdagi asosiy tamoyillari va huquqlari to‘plamiga kiritishga qaror qildi.
Shu munosabat bilan XMTning asosiy konvensiyalari qatoriga 1981 yildagi Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik to‘g‘risidagi konvensiya
(№ 155) va 2006 yil (№ 187) mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlikni targ‘ib qilish asoslari to‘g‘risidagi konvensiyalar qo‘shildi.
Ushbu qaror natijasida barcha a’zo davlatlar, agar ular ushbu Konvensiyalarni ratifikasiya qilmagan bo‘lsalar ham, Tashkilotga a’zolik faktidan kelib chiqadigan holda, 28-aprelni Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlaydi.
28 aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar joriy yilda “Xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoiti – mehnat sohasidagi aosiy prinsip va huquqdir” shiori ostida o‘tkaziladi.
Respublikada mehnat sharoitlari o‘rganilgan holda noqulay mehnat sharoitlarda ishlayotgan xodimlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyoz va kafolatlar belgilab berilmoqda. Bular, qisqartirilgan ish vaqti, qo‘shimcha mehnat ta’tili, bepul davolash-profilaktika oziq-ovqatlar, imtiyozli pensiyalardir.
Xavfsiz mehnatning iqtisodiy jihatdan shubhasiz qulayligi ish joylaridagi o‘lim, jarohat va kasalliklar uchun to‘lovlar kamayishiga umid uyg‘otadi.
Milliy mehnatni muhofaza qilish madaniyati - bu hukumatlar, ish beruvchilar va mehnatkashlar xavfsiz va sog‘lom mehnat muhitini ta’minlashda faol ishtirok etishi, huquq va majburiyatlarni aniq belgilab olishlari, baxtsiz hodisalar oldini olish tamoyiliga eng ustuvor ahamiyat berilishi hamda barcha darajadagi xavfsiz va sog‘lom mehnat muhiti huquqini hurmat qilishdir.
Hurmatli yurtdoshlar,
Mehnat muhofazasi profilaktikasi madaniyatini yuqori darajaga ko‘tarib, ish joylaridagi xavfsizlik, mehnat qilayotgan insonlarning salomatligi saqlanishi va kelajakdagi mehnatimiz uchun hamjihatlikda chorlaylik.

O‘zbekiston Republikasi Kambag‘allikni qisqartirish
va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Q.Odinayev, Davlat mehnat inspeksiyasi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i A. Jurayev