2021 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida
2021 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Cotton Campaign” xalqaro koalisiya delegasiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehnat huquqlari himoyasini ta’minlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, shuningdek, kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya Forumi direktori U.Niyazovaga ko‘ra O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida ulkan natijalarga erishilgan.
“Aytish mumkinki, bu yil o‘tkazilgan monitoring tashkilotimiz tomonidan 2010 yildan buyon tashkil etib kelinayotgan monitoringlar tarixida eng yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Endi biz O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnat haqida gapira olmaymiz, faqat ba’zi xavflar saqlanib qolayotganini aytishimiz mumkin. Umuman olganda, O‘zbekistonning davlat siyosati haqiqatan ham aniq maqsadlarga yo‘naltirilganligini isbotladi, to‘g‘ri qadamlarni tashlandi”, — deb ta’kidladi U.Niyazova.
Uchrashuv davomida, E.Muxtidinov majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, jumladan, mehnat qonunchiligi buzilishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar soni, paxta terimi davridagi huquqbuzarliklar axborot-targ‘ibot ishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi, shuningdek, ushbu sohani yanada takomillashtirish rejalari to‘g‘risida gapirdi.
Shu bilan birga, E.Muxitdinov quyidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifi bilan chiqdi:
1. Fermerlar, klasterlar va Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari ishtirokida adolatli ishga qabul qilish va majburiy mehnatning oldini olish tamoyillari to‘g‘risida qo‘shma o‘quv dasturini o‘tkazish;
2. Germaniya va AQSH davlatlarida mehnat huquqlarini himoya qilishni tashkil etish hamda mehnat nizolarini hal etish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari uchun o‘quv safarlar va mashg‘ulotlar tashkil etish;
3. Mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish maqsadida xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida Xalqaro davra suhbatini o‘tkazish;
4. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida yangi
tashkil etilayotgan Mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga ko‘maklashish markazi – “Mehnat-M” faoliyatini tashkil etishda texnik va maslahat ko‘magini taqdim etish;
5. Huquq himoyachilari bilan hamkorlikni mustahkamlash, xususan, O‘zbekistonda birgalikda monitoring ishlarini olib borish;
6. Germaniyada tashkiliy mehnat migrasiyasini kengaytirish loyihasini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, migrantlarning mehnat faoliyatini va ularning mehnat huquqlarini himoya qilishni monitoring qilish tizmini yo‘lga qo‘yish.