2021 yildagi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish  hamda munosib mehnat sharoitlari yaratilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida MA’LUMOT

30.10.2021

2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan monitoring tadbirlari muntazam ravishda olib borildi.

Xususan, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruxlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 13 minga yaqin tashkilot, fermer хo‘jaliklari hamda paxta dalalari o‘rganildi.

Shu bilan birga, Davlat mehnat inspeksiyasiga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 128 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali - 54 ta, web sayt orqali - 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali - 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.

O‘tkazilgan monitoringlar va murojaatlarni o‘rganish natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln. 450 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlandi.

Joriy yilgi paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5  nafar mansabdor shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.

Bundan tashqari, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritildi. 

Shuni ta’kidlash joizki, joriy yilgi paxta mavsumidan oldin hududlarda ish beruvchilar, xususan, fermerlar va paxta to‘qimachilik klasterlari rahbarlarining majburiy mehnat bo‘yicha bilimlarini oshirish, mavsumiy ishga jalb qilinadigan ishchilarni yollashda mehnat qonunchiligiga amal qilish maqsadida Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlari ishtirokida seminarlar tashkillashtirildi.

Shu bilan birga, majburiy mehnat uchun javobgarlik choralari hamda xalqaro normalar va milliy qonunchilik bo‘yicha Davlat mehnat mehnat inspeksiyasi tomonidan 38 002 ta shundan, fermer xo‘jaliklari va klasterlarida 10 732 ta, ta’lim muassasalarida 7 080 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 2 653 ta, mahallalarda 7 299 ta, boshqa tashkilotlarda va aholi o‘rtasida 10 238 ta seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazilib unda 642 368 nafar fuqarolar ishtirok etdi.

Ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radiokanallarda 3 252 marta chiqishlar tashkillashtirildi. Bundan tashqari, barcha tuman (shahar)lardagi aholi gavjum joylarda majburiy mehnatni oldini olish borasida tayyorlangan “Har bir mehnat ixtiyoriy, majburiy mehnatga yo‘q deyish sizning huquqingizdir” shiori ostida 800 dan ortiq bannerlar o‘rnatilib, 800 mingdan ortiq flayerlar tarqatildi.

Paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratilishi bo‘yicha nafaqat Davlat mehnat inspeksiyasi, balki Kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan jamoatchilik asosida Milliy monitoring, senatorlar, deputatlar, jurnalist va blogerlardan iborat ishchi guruhlar, shuningdek Xalqaro Mehnat Tashkilotining uchinchi tomon monitoringi olib borilmoqda.

 Hurmatli yurtdoshlar!

Davlat mehnat inspeksiyasi Respublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketayotganligini ta’kidlab, majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolarimizdan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga,

71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishlarini so‘raydi.

Aziz fuqarolar o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklang hamda majburiy mehnatning qurboni bo‘lib qolishdan ogoh bo‘ling!

Eslatib o‘tamiz, shaxsingizning oshkor etilmasligi kafolatlanadi.