2021-2025 yillarda “O‘zbekiston Respublikasida Munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat Dasturini amalga oshirish”ning ustuvor yo‘nalishlari va kutilayotgan natijalarga bag‘ishlangan uch tomonlama davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov boshchiligidagi ishchi guruh, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun XMT byurosi direktori Olga Kulayeva, Kasaba uyushmalari federasiyasi mas’ul rahbar xodimlari hamda O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederasiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda tomonlar 2017-2020 yillardagi “Munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat Dasturi”ning asosiy natijalari, yangi Dasturning asosiy yo‘nalishlari va kutilayotgan natijalarini ishlab chiqish (BMT dasturining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq), boshqaruv va qonun ustuvorligi, inklyuziv iqtisodiy o‘sish orqali munosib ish va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari xususida muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida XMT konvensiyalarini ratifikasiya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash zarurligi, munosib mehnat sharoitlarini joriy etish, ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida XMT bilan yaqin 5 yil davomida qo‘shma hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olindi.