Nizom

Mehnat bozori tadqiqotlari instituti

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-sentabrdagi 616-son qaroriga 2-ILOVA

 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari institutining (keyingi o‘rinlarda — Institut) huquqiy maqomini, asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Institut:

mehnat bozori, ish bilan ta’minlash, mehnat munosabatlari, kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish, mehnatni muhofaza qilish va me’yorlash, mehnat sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasasi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son qarori bilan tasdiqlangan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha kengashning ishchi organi hisoblanadi.

  1. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha kengash qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri buyruqlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
  2. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) hisobot beradi.
  3. Institutning faoliyati Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
  4. Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtamp va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
  5. Institutning rasmiy nomi:
  6. a) davlat tilida:

to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti;

qisqartmasi — Mehnat instituti;

  1. b) ingliz tilida:

to‘liq — Institute for Labor Market Research under the Ministry of Employment and Labor Relations;

qisqartmasi — Labor institute;

  1. v) rus tilida:

to‘liq — Institut issledovaniy rinka truda pri Ministerstve zanyatosti i trudovix otnosheniy Respubliki Uzbekistan;

qisqartmasi — Institut truda.

  1. Institut joylashgan joy (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Umid ko‘chasi, 16-uy.

2-bob. Institutning asosiy vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari hisoblanadi:

aholi bandligi, shu jumladan, mehnat migratsiyasi jarayonlari, mehnat munosabatlari va mehnatga haq to‘lashni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish;

mehnat bozorining rivojlanish tendensiyalarini, uning kasbiy-malaka tuzilmasini, mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish;

kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalar milliy tizimida o‘rganishlar o‘tkazish va o‘rganish natijalariga muvofiq tizimni takomillashtirish ishlarini tashkil etish;

mehnat muhofazasi va gigiyenasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;

mehnatni me’yorlash masalalari bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish.

  1. Institut o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni bajaradi:
  2. a) aholi bandligi, shu jumladan, mehnat migratsiyasi jarayonlari, mehnat munosabatlari va mehnatga haq to‘lashni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish sohasida:

fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda va ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda, innovatsion loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, aholi bandligi, mehnat munosabatlari, kasbga tayyorlash va mehnatni muhofaza qilish sohalarida jahondagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilishda ishtirok etadi;

aholi bandligining umumiy ko‘rsatkichlari va tarkibini aniqlashga yo‘naltirilgan amaliy tanlanma va yalpi (zarur hollarda) tadqiqotlar o‘tkazadi va har chorakda O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha va hududlar kesimida ish bilan bandlar va ishsizlarning hisob-kitob miqdori to‘g‘risidagi hisobotlarni shakllantiradi;

tashqi va ichki mehnat migratsiyasi jarayonlarini o‘rganadi, mehnat migratsiyasining asosiy tendensiyalari va yo‘nalishlarini, shuningdek, qaytib kelgan mehnat migrantlari ijtimoiy moslashuvi xususiyatlarini aniqlaydi;

ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazadi va ularga asoslanib, bozor islohotlarini chuqurlashtirish sharoitida mehnat munosabatlarini tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

moddiy rag‘batlantirish va mehnatga haq to‘lash mexanizmlarining samaradorligini o‘rganadi, xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda, ularni takomillashtirish hamda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligi bilan aloqasini mustahkamlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

Vazirlikka bandlik sohasida qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etadi;

mehnat bozorini rivojlantirish va aholi bandligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari, strategiyalari, istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

hududlarda ish o‘rinlarini tashkil etish va bandlik dasturlarini ishlab chiqish hamda monitoring qilishda ishtirok etadi;

doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mehnat bozori va ijtimoiy-mehnat munosabatlarini chuqur o‘rganishni va ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadigan stajer-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda mustaqil izlanuvchanlik asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda ishtirok etadi;

xalqaro tashkilotlarning buyurtmasi bo‘yicha yoki hamkorlikda mehnat va aholi bandligi sohasida xorijiy sheriklar bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi;

  1. b) mehnat bozorining rivojlanish tendensiyalarini, uning kasbiy-malaka tuzilmasini, mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish sohasida:

kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirish jarayonida ish bilan band aholining tarkibidagi miqdor va sifat o‘zgarishlarini hisobga olib, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganadi va prognoz qiladi;

bandlik darajasi va tuzilmasiga ta’sir qiluvchi tendensiyalar va omillarni, mehnat bozoridagi o‘zgarishlarni o‘rganadi;

inson kapitali, professional ta’limni va xodimlarning malaka darajalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mehnat munosabatlari uchun ijtimoiy standartlar va me’yorlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

mehnat resurslarining prognoz balanslarini, demografik rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi;

ish bilan ta’minlashning hududiy va tarmoq dasturlarini ijtimoiy-iqtisodiy baholash bo‘yicha uslubiy yondashuvlarni ishlab chiqadi;

mehnat va aholi bandligi sohasidagi sotsiologik tadqiqotlarni, shuningdek, mahalliy va xalqaro tashkilotlar buyurtmasi bilan boshqa dala tadqiqotlarini o‘tkazadi;

  1. v) kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalar milliy tizimida o‘rganishlar o‘tkazish va o‘rganish natijalariga muvofiq takomillashtirish ishlarini tashkil etish sohasida:

mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malaka va bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlari va tendensiyalarini o‘rganadi;

tarmoq malaka doiralarini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;

kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;

norasmiy va informal o‘qitishning natijalarini tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatlash) qilish tizimini shakllantirish, shu jumladan malakalarni baholash markazlari faoliyatini tashkil qilishda ishtirok etadi;

yoshlarni kasbga yo‘naltirish, professiogramma va axborot materiallarini ishlab chiqish ishlarini tashkil etishda qatnashadi;

tarmoq kengashlarining, shu jumladan kasbiy standartlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish borasidagi faoliyatini uslubiy, tashkiliy va axborot jihatidan ta’minlaydi;

kompetensiyalarni baholash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar registrini hamda tasdiqlangan malakaga ega shaxslar milliy reyestrini joriy etadi, yuritadi va rivojlantirishni tashkil etadi;

tasdiqlangan malakaga ega shaxslarni haqiqatda ushbu malakaga muvofiqligi darajasini o‘rganadi va tahlil qiladi;

tarmoq malakalar doiralari va kasbiy standartlardan kelib chiqqan holda, Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini, ta’lim tizimi klassifikatorlari va standartlarini takomillashtirish hamda mehnatga haq to‘lashga oid me’yorlarni belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

milliy malaka tizimi joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini monitoringini amalga oshirish ko‘rsatkichlari tizimi va metodikasini ishlab chiqadi;

milliy malaka tizimining holati va rivojlanishining monitoringini olib boradi;

milliy malaka tizimi ishtirokchilarining faoliyatini hududiy mehnat va ta’lim bozorlari darajasida tashkil qilish va takomillashtirish bo‘yicha faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari va indikatorlari ro‘yxatini shakllantiradi;

bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida dasturlar, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy asarlar to‘plamlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari, metodik ko‘rsatmalar, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqadi va nashr etadi;

  1. g) mehnat muhofazasi va gigiyenasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish sohasida:

mehnat muhofazasi va gigiyenasi sohasidagi ilmni rivojlantirish strategiyasi, ustuvor yo‘nalishlari hamda ularni amalga oshirishning tashkiliy-moliyaviy mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mehnat muhofazasi, mehnat gigiyenasi va mehnat sharoitlarini yaxshilash sohalaridagi davlat, tarmoq va maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

mehnat muhofazasi va mehnat gigiyenasi sohasidagi davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi, mehnat muhofazasi va gigiyenasi bo‘yicha qonunchilik va boshqa normativ hujjatlarni tizimli ravishda xatlovdan o‘tkazadi;

mehnat muhofazasi sohasidagi davlat boshqaruvi asoslarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda xavfsiz mehnat standartlari tizimini, mehnat muhofazasi va mehnat gigiyenasi sohasidagi tarmoqlar normativ hujjatlarini ishlab chiqadi;

iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlarning sabablarini tahlil qilish asosida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

sanoat va ish muhitining zararlilik darajasini baholash, mehnatni muhofaza qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish, malakani baholash metodikalarini validatsiya (attestatsiya) qilish;

shaxsiy va jamoaviy himoya vositalarini sertifikatlash bo‘yicha texnik reglament sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi;

shaxsiy va jamoaviy, shu jumladan xorijda ishlab chiqarilgan himoya vositalarini sertifikatlashni amalga oshiradi, shuningdek tegishli sifat sertifikatlarini beradi;

mehnat muhofazasi va gigiyenasi sohasida davriy ravishda kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiradi;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mehnat muhofazasi va gigiyenasi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish rejalari hamda jadvallari tasdiqlanishini ta’minlaydi;

mehnat muhofazasi va gigiyenasi bo‘yicha xodimlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun o‘quv-tematik rejalarini, o‘quv modullarini tayyorlaydi va tasdiqlaydi;

mehnat muhofazasi va gigiyenasi sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashdan o‘tgan kadrlarning yagona axborot-ma’lumot bazasini yaratadi va yangilab boradi;

bakalavriat va magistraturaning tegishli ta’lim yo‘nalishlarida yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratishga ko‘maklashish orqali o‘quv-metodik ishlarning sifati va darajasini oshiradi;

bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ilmiy-metodik jihatdan ko‘maklashadi, shuningdek, Institut bazasida mehnat muhofazasi va gigiyenasining tegishli sohalarida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutini tashkil etish yo‘li bilan yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

mehnat muhofazasi va gigiyenasi sohasida mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalari uchun ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini nashr etishga tayyorlash ishlarida ishtirok etadi;

  1. d) mehnatni me’yorlash masalalari bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish sohasida:

tashkilotlar buyurtmalariga binoan shartnoma asosida mehnatni me’yorlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, ekspertizadan o‘tkazadi va amalga oshiradi;

Vazirlikka bandlik va mehnat munosabatlari bo‘yicha normativ hujjatlar loyihalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kiritadi, tegishli normativ hujjatlarni ishlab chiqishda va ilmiy-metodik ko‘rsatmalar berishda ko‘maklashadi;

umumiy va maxsus texnik reglamentlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

mehnatni me’yorlash bo‘yicha normativ hujjatlar fondini yaratadi, yuritadi va yangilaydi;

mehnatni me’yorlash bo‘yicha normativ hujjatlar axborot resurslari ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishning yagona tizimini yaratadi;

mehnatni me’yorlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiquvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari hamda manfaatdor tomonlarning takliflarini inobatga olgan holda, mehnat me’yorlarini ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqishning yillik grafiklarini shakllantiradi.

3-bob. Institutning huquqlari va javobgarligi

  1. Institut o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalaridan unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

Institutga yuklangan vazifalarni bajarish uchun davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, shu jumladan, xorijiy tashkilotlarni shartnoma asosida jalb qilish;

o‘z vakolatlarini bajarish doirasida xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni, shu jumladan, o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;

aholi bandligini yaxshilash va mehnat bozorini rivojlantirishning dolzarb va istiqbolli vazifalarini hal qilish uchun tashkil etilgan ishchi guruhlar yig‘ilishlarida ishtirok etish;

kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoqlar va hududiy kengashlarning ishchi guruhlari yig‘ilishlarida hamda majlislarida, bandlik, mehnat munosabatlari, kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ekspertlar kengashi hamda komissiyalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar ishlarida ishtirok etish;

bandlik va mehnat munosabatlari, mehnati muhofazasi hamda kadrlar salohiyati, bilim va ko‘nikmalari rivojlantirish sohalarida xalqaro loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

bandlik va mehnat munosabatlari, mehnat muhofazasi hamda kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish sohalarida noshirlik, ilmiy-texnik axborotni tarqatish faoliyatini amalga oshirish;

tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha bandlik va mehnat munosabatlari sohasida shartnomalar asosida normativ hujjatlarni ishlab chiqish, tarjima qilish, joriy qilishni amalga oshirish;

bandlik va mehnat munosabatlari, mehnat muhofazasi hamda kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, forumlar, davra suhbatlari va Institut vakolatiga taalluqli boshqa masalalar bo‘yicha jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish;

kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni bajarishga vazirliklar, idoralar, ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalar, shuningdek davlat tashkilotlaridan mutaxassislarni jalb qilish;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Vazirlik hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda, ilmiy darajalar berishga ixtisoslashgan kengash tashkil etish.

Institut qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Institut o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

4-bob. Institut faoliyatini tashkil etish

  1. Institut o‘z faoliyatida bevosita Vazirlikka bo‘ysunadi va unga hisobot beradi.
  2. Institut faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
  3. Institut direktori:

Institut vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi hamda Institutga yuklangan vazifalar va funksiyalar amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi;

Institutda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlar olib borish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

Institut ilmiy kengashining tavsiyalari asosida o‘quv-mavzuli rejalar, dasturlar va ilmiy-metodik ishlar rejalarini tasdiqlaydi;

Institut faoliyatini yanada takomillashtirishga taalluqli konsepsiyalar, dasturlar va kompleks tadbirlarning bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qiladi;

Institut va Mehnatni me’yorlash markazi xodimlari, shuningdek, Mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;

xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Institutning shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

Institut xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

Institut nomidan xo‘jalik shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi;

Vazirlik bilan kelishgan holda ishlarning haqiqiy hajmidan kelib chiqib, zarur bo‘lganda, Institutning tuzilmasi va shtatdagi xodimlar soniga o‘zgartirishlar kiritadi (budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan tuzilmalar va shtat birliklari yuzasidan).

Direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.

  1. Institut direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Vazirlik tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar, shu jumladan biri Mehnatni me’yorlash markazi direktori hisoblanadigan o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
  2. Direktor o‘rinbosarlari:

tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etadi;

Vazirlik qarorlari va buyruqlarini, Institut direktori buyruqlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;

tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;

tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga taalluqli masalalari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va ularni ko‘rib chiqish uchun direktorga taqdim etadi;

direktorga Institutning tarkibiy bo‘linmalarida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha takliflar beradi, ularning kasbiy mahoratini, malakasini, amaliy tajribasini, ishchanlik va ruhiy-axloqiy fazilatlarini yuqori darajada ta’minlash, kasbiy malakalarini rivojlantirish, tarkibiy bo‘linmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;

Institut tarkibiy bo‘linmalari xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, muhokamalar yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishni tashkil etadi.

  1. Direktor bo‘lmagan davrda uning vakolatlarini direktorning birinchi o‘rinbosari amalga oshiradi.
  2. Institut huzurida direktor, faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), Institut tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, Fanlar akademiyasi vakillari, shuningdek, turdosh ilmiy-tadqiqot institutlarida va tashkilotlarda ishlaydigan yetakchi olimlar, malakali mutaxassislardan iborat tarkibda Ilmiy kengash tashkil etiladi.

Ilmiy kengash ishini Ilmiy kengashning ilmiy kotibi tashkil etadi.

Ilmiy kengash:

Institut tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlari, rejalari hamda tematikasini ko‘rib chiqadi va ma’qullaydi;

loyihalar va laboratoriyalar rahbarlarining amalga oshirilayotgan ishlarning borishi va natijalari haqidagi hisobotlarini eshitadi, o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari va sifatiga, ularni amaliyotga joriy qilish borasida yil yakunlari bo‘yicha baho beradi;

hisobot davrida loyihalar (laboratoriyalar) faoliyati natijalarini baholash asosida loyihalar doirasidagi tadqiqotlarni davom ettirish yoki loyihalarni yopish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

Institut joriy faoliyatini moliyalashtirishning cheklangan me’yorlarini aniqlaydi, Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning cheklangan miqdorlarini belgilaydi;

Ilmiy kengashning ish tartibi Institutning ish rejalariga muvofiq tashkil etiladi.

  1. Institut ilmiy kotibi:

Ilmiy kengash faoliyatini muvofiqlashtirish va axborot-tahlil bo‘yicha ta’minlashni amalga oshiradi;

ilmiy-tadqiqot ishlarining dasturlari va rejalarini ishlab chiqishni tashkil etadi, tadqiqotlarga o‘z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rishni nazorat qiladi;

Institutning mamlakat va xorij ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan aloqalar o‘rnatishini amalga oshiradi;

Institut xodimlarining tahliliy va axborot materiallari bilan ishlash metodikasi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qiladi.

Ilmiy kotib lavozimga Institut direktori tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

  1. Institut tadqiqotlarining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha tuzilgan loyihalar va laboratoriyalar Institutning asosiy tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi.

Ilmiy-tadqiqot loyihalarini (laboratoriyalarini) yuqori malakali mutaxassislar, birinchi navbatda, iqtisodiyot sohasidagi vazirlik va idoralarda, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar orasidan tanlab olib tayinlangan rahbarlar boshqaradi.

Loyiha rahbarlari lavozimiga Institut direktori tomonidan tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Ilmiy loyihalar bandlikka ko‘maklashish, mehnat munosabatlarini rivojlantirish, mehnat bozorini, mehnatni muhofaza qilishni, kasbiy standartlarni va malakani rivojlantirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, mehnat migratsiyasi bo‘yicha eng dolzarb muammolarni hal qilish uchun tashkil etiladi hamda ularga qo‘yilgan vazifalarni bajargandan so‘ng tarqatib yuboriladi.

  1. Institut tarkibida ixtisoslashgan tadqiqot bo‘linmalari bilan bir qatorda mehnatni me’yorlash markazi, ilmiy-yordamchi, texnik, ma’muriy-xo‘jalik bo‘linmalari va boshqa xizmatlar faoliyat yuritadi.
  2. Muayyan tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Institut fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilishi mumkin.

5-bob. Xodimlarni moddiy rag‘batlantirish shakllari va tizimi

  1. Xodimlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, Institut ma’muriyati bilan o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligi, Institutning ichki tartib-qoidalari, boshqa normativ hujjatlar, jamoa shartnomasi, individual mehnat shartnomalari hamda mazkur Nizomga asoslanib, tartibga solinadi.
  2. Institut xodimlariga ushbu Nizomga ilovaga muvofiq Vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun taqqoslanadigan lavozimlar bo‘yicha belgilangan ish haqi, mukofot va moddiy yordam sharoitlari tatbiq etiladi, shuningdek, ularga ishlagan davri uchun ustama to‘lanadi.

Mehnat instituti xodimlari va jalb qilingan mutaxassislar uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ish haqi fondining 50 foizi miqdorida moddiy rag‘batlantirish uchun maxsus mablag‘lar ajratiladi.

Alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun moddiy rag‘batlantirishning maxsus fondi hisobidan ularning lavozim maoshining ikki baravari miqdorigacha mukofot to‘lanadi.

  1. Institut xodimlari loyiha rahbarlari (laboratoriyalar) va boshqa tarkibiy bo‘linmalar takliflari asosida Ilmiy kengash bilan kelishgan holda mukofotlanadi.
  2. Institut Vazirlik bilan kelishilgan holda rahbar, ilmiy-yordamchi, ilmiy, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning shtat jadvalini tasdiqlaydi, amaldagi qonunlar va normativ xujjatlarga asoslangan holda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tizimi va shakllarini belgilab beradi.

6-bob. Institutning mulki va moliyaviy mablag‘lari

  1. Institut mulki asosiy fondlardan (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalar), aylanma mablag‘lardan, shuningdek, moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga sotib olingan moliyaviy resurslar va boshqa moddiy boyliklardan iborat bo‘ladi. Institut mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
  2. Institut belgilangan tartibda o‘ziga biriktirilgan mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini amalga oshiradi. Institut unga tutash yer maydoniga egalik qilish va undan foydalanish huquqiga ega.
  3. Institutning intellektual mulk obyektlari jumlasiga barcha tadqiqot materiallari (ilmiy konsepsiya va hisobotlar, tahliliy ma’lumotnomalar, nashrlar, tadqiqot natijalari, prognoz baholari, referativ, uslubiy-instruktiv materiallar, dasturiy mahsulotlar va institut ma’lumotlar bazalari va boshqalar), shuningdek, Institut buyurtmasi asosida ijrochi tashkilotlar tomonidan shartnomalar asosida olib borilgan tadqiqotlar kiradi. Intellektual mulk xususiyatiga qarab, unga bo‘lgan huquq Institutga, mualliflar guruhiga yoki Institut tadqiqotchisiga tegishli bo‘lishi mumkin.

Institutda intellektual mulk huquqining taqsimlanishi direktor tomonidan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.

  1. Institut mablag‘lari quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:

joriy saqlash va moddiy-texnik bazani rivojlantirish, axborot bosma nashrlariga, shu jumladan, chet el nashrlariga obuna tashkil etish va Institutning boshqa ehtiyojlari uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar;

grant tanlovlari natijalari bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar;

vazirliklar, idoralar va banklarning buyurtma-arizalari bo‘yicha tadqiqotlar uchun ajratilgan mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va donorlik tashkilotlarining grantlari;

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari doirasida, Institutning o‘z faoliyati, shu jumladan tijorat banklaridagi depozitlarga pul mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

bank va boshqa kreditorlar kreditlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Iqtisodiy, ilmiy-texnik va boshqa xo‘jalik hisobidan olib boriladigan faoliyat uchun, shuningdek, xayriya, homiylik va beg‘araz tushumlar orqali olingan mol-mulk va mablag‘lar Institut mulkidir.
  2. Institut o‘ziga tegishli bo‘lgan asosiy vositalar, muomaladagi aktivlar va boshqa moddiy boyliklarni belgilangan tartibda sotish, boshqa korxona, tashkilot va muassasalarga o‘tkazish, almashtirish, ijaraga berish, vaqtincha foydalanish yoki qarz olish uchun bepul berish, shuningdek, ularni balansdan chiqarish huquqiga ega.
  3. Institut ixtiyorida qolgan foyda Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va zarur jamg‘armalarni shakllantirish uchun sarflanadi. Institut jamg‘armalariga pul mablag‘larni kiritish me’yorlari, hajmi va tartibi Institut direktori tomonidan tasdiqlanadigan Jamg‘armalar to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.

7-bob. Institut faoliyatini baholash mezonlari hamda uning faoliyati samaradorligi va natijadorligi ishchi indikatorlari

  1. Institut faoliyati samaradorligi muntazam ravishda baholanishdan o‘tkaziladi.
  2. Institut faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Institut faoliyatini baholash mezonlariga hamda uning faoliyati samaradorligi va natijadorligini aniqlovchi ishchi indikatorlarga asoslanadi.
  3. Institut faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:

Institut rahbarlari va xodimlariga nisbatan rag‘batlantirish (taqdirlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari belgilanadi;

Institut faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.

  1. Institut faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadi.

8-bob. Yakunlovchi qoida

  1. Institut qonunchilik hujjatlariga muvofiq qayta tashkil etiladi va tugatiladi.