1 |
2021-yil 1-chorak bo'yicha O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 10,2 foizni tashkil etdi. |
2 |
2021-yilning mart oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikaning 109 ta shahar va tumanlarida ijtimoiy tadqiqot amalga oshirildi. Tadqiqot davomida fuqarolarning 500 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 5,0 mingta uy xo‘jaligi va 26,5 ming nafar fuqaro qamrab olindi. |
3 |
O'tkazilgan tadqiqot natijalari respublikada ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 10,2 foiz tashkil etganligini ko‘rsatdi. Bu ko'rsatkich 2020 yilga nisbatan 0,3 foizga kamaydi. |
4 |
Ishga joylashishga muhtoj aholi soni 1 529,2 ming shaxsdan iborat bo‘lib, yoshlar orasidagi (30 yoshgacha) ishsizlik darajasi 15,8 foizni, ayollar orasida esa 13,7 foizni tashkil etdi. |
5 |
Dastlabki maʼlumotlarga koʼra mehnat resurslari soni 19 277,4 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 1,1 foizga koʼpaygan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band boʼlganlar soni oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 0,3 foizga yoki 41,1 ming kishiga kamayib, 13 397,5 ming kishini tashkil qildi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining rasmiy sektorda band boʼlgan aholi soni 5 706,8 ming kishini tashkil qilib, oʼtgan yil shu davrga nisbatan 1,6 foizga yoki 80,1 ming kishiga oshdi. |
6 |
2021 yil 1-choragida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ishga joylashtirishda yordam so‘rab 281,2 ming nafar shaxs murojaat qilgan. Murojaat qilganlardan 104,7 nafari ishga joylashtirildi, 33,3 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 78 546 nafar ishsiz shaxslar kasbga o'qitildi va 78 293 nafar shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. |
7 |
2021 yil 1-choragida Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi hisobidan 24 187 nafar band bo'lmagan aholiga jami 51 730,4 mln. so'm subsidiyalar ajratildi. |
8 |
2021 yil 1-choragida kasb-hunar ta'limi muassasalariga - 948 nafar band bo‘lmagan shaxslarni, ayniqsa, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni 1 oydan 3 oygachca bo'lgan kurslarda kasbga qayta o‘qitish uchun 683,1 mln. so'm grant mablag'lari ajratildi. |
9 |
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan atroflicha tahlil o‘tkazish, mehnat resurslari soni va sifatini xolis va sifatli baholash, shuningdek, aholini ishga joylashtirish va bandligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligiga erishish maqsadida mehnat bozorini muntazam o‘rganish ishlari davom ettiriladi. |