YANGI YILDA TO‘RT YUZ NAFAR HAMSHIRA GERMANIYA KLINIKALARIDA ISHLASHGA YUBORILADI
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Germaniyaning "Aconnecta" kompaniyasi bosh direktorlari Anastasiya Kol va Aleksey Sverdlov bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston fuqarolarining tashkiliy tarzda Germaniyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish sohasida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida vazirlik va mazkur tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandumi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan "Aconnecta" kompaniyasi o‘rtasida Bitim imzolandi.
Endilikda germaniyalik hamkorlar bilan O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaga jo‘nab ketish oldidan kasb-hunarga o‘qitish hamda tayyorlash bo‘yicha loyiha ishga tushiriladi.
Loyiha doirasida mamlakatimizdagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida Germaniya standartlari asosida hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi yilda 400 nafar hamshiralarni Germaniya klinikalarida ishlash uchun yuborish rejalashtirilmoqda.
O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarni Germaniyada munosib ish va yashash sharoiti bilan ta’minlash hamda ularni ijtimoiy-huquqiy himoyalash bo‘yicha ikki tomonlama choralar ko‘riladi.